Microsoft rahbari, jahonning eng boy kishisi bo`lgan Bill Geyts farzandlari 14 yoshga kirmagunlariga qadar ularga smartfondan foydalanishlariga ruxsat bermagan. Uning bu qoidasiga boshqa taniqli IT-kompaniya rahbarlari ham amal qilishadi va farzandlarini elektron gadjetlarning salbiy ta'siridan himoyalashga urinishadi.
Buyuk Britaniyaning taniqli Mirror nashri yaqinda o`tgan interv'yu jarayonida Bill Geytsdan oilaviy muhitda elektronika vositalaridan foydalanish qay tarzda amalga oshirilishi to`g`risida so`radi. Microsoft asoschisi bunga javoban oilaning 14 yoshga to`lmagan a'zosiga gadjetlardan foydalanish taqiqlanganini ma'lum qildi.
«Biz ovqat mahali mobil telefondan foydalanmaymiz, — deydi Bill Geyts. — 14 yoshga qadar barcha farzandlarimiz smartfonsiz ulg`ayishgan. Ular barcha do`stlarida qo`l telefoni borligin aytib, ko`p marotaba shikoyat qilishar edi».
Bill Geytsning ayni paytda 3 nafar farzandi bor: 20 yoshli Jennifer, 14 yoshli Fibi hamda 17 yoshli Rori. Ularning barchasi janob Geyts tomonidan o`rnatilgan qoidaga ko`ra tarbiyalanmoqda. «Hozir ham elektronika vositalaridan foydalanish mumkin hamda cheklangan vaqt bor. Bu ularga o`z vaqtida uxlash va sog`lom bo`lib voyaga etishlariga yordam beradi», — deydi Bill Geyts.
Geytsning ma'lum qilishicha, u farzandlarining smartfondan imkon qadar foydali maqsadlarda, misol uchun uyga vazifalarni bajarish, qo`shimcha ta'lim olishlari uchun foydalanishlariga sharoit yaratib beradi.
Geyts oila a'zolari qaysi smartfon modelidan foydalanishlarini ma'lum qilmagan. 2012 yilda uning turmush o`rtog`i Melinda Geyts turmush o`rtog`i farzandlariga Apple mahsulotalirdan foydalanishni taqiqlaganini aytib, «Boylik oilamizga Microsoft’dan keladi, shunday ekan bu pulni nega raqibning cho`ntagiga solishimiz kerak?» mazmunidagi munosabatni bildirgan.
Bill Geyts ham keyinchalik buni tan olgan va Windows Phone smartfonlari oila a'zolari uchun kifoya qilishini aytgan.
Ma'lumki, Apple asoschisi Stiv Jobs ham o`z farzandlarini yuqori texnologiya qurilmalaridan, jumladan iPad’dan foydalanishlarini cheklagan. Biograf yozuvchi Uolter Issaksonning aytishicha, Stiv har kechda bolalari bilan bir stol atrofida yig`ilib, kitoblar va tarix mavzularida suhbat qurishni odat qilgan ekan. Uning oilasida kechki paytda hech kimga planshet hamda komp'yuterdan foydalanishga ruxsat berilmagan.
3D Robotics kompaniyasi rahbari Kris Anderson ham yuqoridagi insonlardan o`rnak olib, bolalarining gadjetlardan foydalanishlarini qattiq nazorat ostiga olgan. Andersonning fikricha, zararli kontent va elektron vositalardagi ko`ngilochar dasturlarga tobelik farzandlar tarbiyasi va istiqboliga jiddiy zarar etkazadi.
Geytsa hamda Jobs — jahonni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsion qurilmalar bilan ta'minlayotgan kompaniyalar rahbarlarining hayotiy tamoyillaridan ham ko`rinib turibdiki, navnihol bolalarning qo`liga «aqlli» gadjetlarni berish qo`yish — ularning porloq kelajaklariga bolta urishga teng.