x

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Sizlarning johiliyatda yaxshi boʻlganlaringiz, agar (dinni yaxshi) tushunsalar, Islomda ham yaxshilaringizdirlar”.

Johiliyat davrida boshqalardan oʻziga xos iqtidori bilan ajralib turadigan kishilar boʻlar edi. Kimdir qattiqqoʻlligi, mard va jasurligi bilan mashhur boʻlsa, yana kimdir soʻzamolligi, sheʼriyatga ustaligi bilan dong taratgan edi. Ularning baʼzilari mana shu iqtidorlarini yomonlik yoʻlida, Islomga qarshi kurash yoʻlida xizmat qildirishardi.

Maʼlum muddat oʻtib, Alloh ularni haq yoʻlga hidoyat qilgach, ayni shu qobiliyatli kishilar oʻz iqtidorlari bilan Islomga xizmat qildilar. Shu orqali avval johiliyatda eng mashhurlardan boʻlishgan boʻlsa, endi Islomda ham insonlarning eng yaxshilariga aylandilar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu shunday kishilardan biri edilar. U kishining qattiqqoʻlliklari, jurʼatlari, shiddatlari avvalboshda Islomning zarariga ishladi. Keyinchalik Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning duolari bilan Hazrati Umar roziyallohu anhu Islomni qabul qildilar va musulmonlar joniga oro kirdilar.

Demak, biz ham farzandlarimizdagi iqtidorlarni koʻra bilishimiz va shu iqtidorlarini kelajakda manfaatli sohalarga yoʻnaltirishlari uchun ularga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishimiz kerak boʻladi.

Baʼzi bolalar qaysidir oʻyinlarga juda qiziqadilar. Masalan, ular futbolga yoki basketbol kabi oʻyinlarga qiziqsalar, ularda shu narsaga qobiliyat boʻlsa, balki kelajakda ulardan yaxshi sport ustalari yetishib chiqishi mumkin.

Baʼzi bolalar esa, jismoniy mehnatdan koʻra aqliy mehnatga koʻproq qiziqadilar. Ularni ham oʻzlariga munosib sohalarga yoʻnaltirishda ota-onalar tadbirli boʻlishlari, ularni hadeb tergayvermasliklari, balki oʻsha oʻzlari qiziqqan narsadan yaxshi tarafga burilishga yordam berishlari kerak boʻladi.

Hozirda biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqorida kelgan hadislarini hayotga qanday tatbiq qilyapmiz.

Doktor Abdulloh Muhammad Abdulmuʼtining
“Farzand tarbiyasida 700 ta saboq” kitobidan
Gʻiyosiddin Habibulloh, Kamronbek Islom tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑