Angliyada ikki ona tomonidan ochilgan mahalliy WhatsApp guruhi 4000 dan ortiq ota-onalarni o’ziga jalb qildi. Mazkur guruh bolalarning internet platformalaridagi xavfsizligi, tarmoqlarning ruhiy salomatlikka ta’siri haqida xavotirda bo’lgan va farzandlarining bolalik davri telefonlarsiz o’tishini xohlaydigan insonlarni birlashtiradi.
Ofcom tadqiqotidan ma’lum bo’lishicha, britaniyalik bolalarning 91 foizi 11 yoshda, 44 foizi 9 yoshda telefonlarga ega bo’lishadi.
Guruh tashkilotchilarining aytishicha, dastavval ularning 9 va 11 yoshli farzandlari telefon ishlatishi, bolalik davridanoq gadjetlarga mukkasidan ketishi borasida qattiq xavotirlanishgan. Shundan so’ng yo’lga qo’yilgan guruh harakati esa bir istak yo’lida birlashgan, yakdil ota-onalarni farzandlariga 14 yoshgacha smartfonlardan, 16 yoshgacha ijtimoiy tarmoqlardan cheklashga undaydi.
Harakat targ’iboti bo’yicha Instagramda yuklangan reklama postidan so’ng 24 soat ichida guruhga qariyb 1000 kishi qo’shilgan. So’ngra bu holat butun mamlakat bo’ylab kampaniyaga aylandi. O’tgan qisqa vaqt ichida, hozirgacha guruhga 4500 dan ortiq inson a’zo bo’ldi.