Bulutlar orasidagi maktab – Xitoy
Xitoyning Sichuan provinsiyasi tog’li Gulu qishlog’ida istiqomat qiluvchi bolalar bulutlar orasiga yashiringan boshlang’ich maktabga borish uchun 5 soat davomida tog’ yo’li bo’ylab piyoda holda uzoq va mashaqqatli yo’llarni bosib o’tishadi. Maktabning Shen Qijun ismli yagona o’qituvchisi bo’lib, u 26 yildan buyon ushbu joyda kasbiga muhabbat ila o’quvchilarga ta’lim berib keladi. Maktabning dastlabki holati ancha ayanchli bo’lgan: loydan qurilgan sinfxonalar, suv oqib kiradigan tom va yorilgan devorlar. Hojatxona bo’lmaganligi uchun, bir o’quvchi shunday joyni izlab qattiq yiqilib jarohat olgan. Shundan so’ng, Shen qishloq aholisidan yordam so’ragan holda maktabni eski uslubda bo’lsa ham tiklashga muvaffaq bo’ldi. 3 yil avval gazetada xabar chiqmaguncha ushbu olis maktab haqida qishloq tashqarisida hech kim bilmas edi.
G’ildirakli maktab – Pokiston
Pokistonning Karachi shahridagi ushbu ilk ko’chma maktab 1993-yilda o’z faoliyatini boshlagan. Uning g’aroyibligi shundaki, o’quvchilar avtobusda tahsil olishadi. Ushbu avtobus-maktab skameykalar, partalar va katta doska bilan jihozlangan bo’lib, Karachining xaroba hududlaridagi bolalarga ta’lim berishni maqsad qilgan. U har kuni shaharning turli tumanlaridan 160 nafar bolalarni olib ketadi. O’quvchilarning har biri ikki soatdan individual tarzda o’qitiladi.
Ilonlar maktabi – Hindiston
Mazkur maktabda bolalarga 2 yoshdan boshlab ilonlarni bo’ysundirish o’rgatiladi. O’quvchilar o’n ikki yoshgacha sudraluvchini “ipidan-ignasigacha” o’rganib, ular bilan o’z kasbini boshlashga tayyor bo’lishadi. O’g’il bolalar ilonni nay bilan sehrlashga, qiz bolalar esa ularni boqib, g’amxo’rlik qilishga o’rgatiladi.
Yer osti maktabi – AQSH
Nyu-Meksiko shtati Artezia shahrida joylashgan ushbu maktab Abo deb nomlangan. Ushbu maktab Amerikaning eng qadimgi maktabi bo’lib, butunlay yer ostida qurilgan. Mazkur ta’lim dargohining betondan yasalgan tomi o’quvchilarga o’yin maydonchasi vazifasini o’tagan. Bundan tashqari, yadroviy urush yoki shu kabi favqulodda hholat yuz berganda 2160 kishini sig’dira oladigan maxsus jihozlangan omborga ega. Bino 1999-yilda Milliy tarixiy joylar reestriga kiritilgan.
Umidjon Sayfullayev tayyorladi.