Bir bola ilm olish uchun yo`lga otlandi. Onasi unga: "Bolam, hech qachon yolg`on gapirmagin. Halok bo`lishing aniq bo`lsa ham, faqat rost gapir, Chunki rostgo`ylik najotdir", deb uning cho`ntagiga yuz dirham pul solib qo`ydi. Bola onasiga yolg`on gapirmayman, deb va'da berdi.
U sahroda ketayotgan edi, yo`lini o`g`rilar to`sib chiqishdi.
– Puling bormi? – so`rashdi o`g`rilar
– Ha, yuz dirhamim bor, – dedi bola.
O`g`rilar bu bolaning gapiga hayron bo`lib, kulib yuborishdi. Chunki, odamlar odatda o`g`riga yo`liqib qolsa, pulini yashirib, pulim yo`q, deyishadi.9
– Sen bola bizning ustimizdan kulyapsanmi? – deyishdi
– Yo`q rost aytyapman. Cho`ntagimda yuz dirham bor, – dedi bola. O`g`rilar bolani etaklab, boshlig`ining oldiga olib kelishdi.
– Nega yolg`on gapiryapsan? mushtday bolada yuz dirham nima qiladi? – dedi o`g`riboshi.
– Yolg`on gapirganim yo`q. Mana o`sha yuz dirham, – bola shunday deb, cho`ntagidan tangalarni chiqardi. O`g`riboshi pulni ko`rib, hang-mang bo`lib qoldi.
– Hoy bola, shuncha puling borligini bizga nega aytding? Pulim yo`q deb aldavorsang ham bo`lar edi-ku? – dedi u.
– Onam hech qachon yolg`on gapirmagin deb tayinlaganlar. Men "Ho`p" deb va'da berganman. Yuz dirhamni deb va'damni buzmayman, yolg`on gapirsam onam norozi bo`ladilar, – dedi bola.
Bu gap o`g`riboshiga qattiq ta'sir qilib yig`lab yubordi:
– Sen yolg`on gapirib, onangni norozi qilishga qo`rqyapsan-a? Men-chi? Men o`g`rilik qilib, Allohni norozi qilishdan qo`rqmay yurgan ekanman. Bolajonim, sening rostgo`yliging men uchun ibrat bo`ldi! – o`g`riboshi shunday deb yig`lab yubordi.
O`g`riboshi shu kundan boshlab o`g`rilikni tashladi, qilgan yomon odatlariga afsus nadomat chekib, tavba qildi. Buni ko`rgan qolgan o`g`rilar ham qalblari ta'sirlanib, afsus nadomatlar bilan bu yomon ishlarni tashlashdi.
Darhaqiqat, rostgo`ylik doim najot keltiradi.