x

Halqimizda "Bola bo`lsang sho`x bo`l" qabilidagi gaplar yuradi. Ushbu naqldan maqsad bolalar kichikligidan boshlab kattalarning ishi, o`y-xayollari bilan band bo`lmasligi, erta "qarib" qolmasliklariga nisbatan aytiladi. Chunki har davrning o`z o`rni bor. Bolalik ham beg`ubor, o`ynab kuladigan davr. Bu vaqtda bola ham qandaydir tashvishlar-u yumushlar bilan emas, o`yin-kulgu, sho`xliklar bilan ulg`ayishi kerak deyiladi. Biroq tanganing ikkinchi tomoni ham bor...

Insonda shunday xislat borki, atrofdagilar unga qanday munosabatda bo`lsa, bu o`sha kishiga qanchadir miqdorda ta'sir qiladi. Kimgadir salbiy, kimgadir ijobiy. Masalan, "sen ikkichisan", deya qayta-qayta kamsitilgan bolalar aksariyat hollarda "ikkichi" ekanliklariga o`zlari ham ishonib qolishadi va "a'lochi" bo`lish uchun harakatdan to`xtashadi. Bolalarning kamroq qismi esa bu kabi gaplar xato ekanini isbotlash maqsadida tinimsiz harakat qilishadi va "a'lochi" bo`lishga intilishadi.

Shuningdek, 8 yoshli bolaga hali bog`chaga boradigan bolaga qilingandek muomala qilsangiz, u o`zini o`sha bog`cha bolasidek tutadi. 16 ga kirgan bolangizga o`smirga qaragandek emas, to`laqonli mustaqil, o`z fikriga ega alohida shaxs sifatida munosabatda bo`lsangiz, uning ilg`ayishi osonlashadi.

Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, bolalarni katta sinf o`quvchisi bo`lganidan keyin ham "bola-da, endi" deb ulardan "sho`x" bo`lishni talab qilish kerak emas. Albatta, har bir ota-ona uchun farzandi necha yosh bo`lsa ham baribir bola bo`lib qoladi. Ammo unga boladek munosabatda bo`lsangiz, bolaligicha qolib ketishi mumkin.

Ushbu fikrlarimizni xulosalamaymiz. Ushbu qismini sizga qoldiramiz. Ho`sh, sizningcha bolaning sho`xligiga erk berish kerakmi yoki imkon qadar tezroq "katta odam" sifatida munosabatda bo`lish yaxshiroq natijaga olib keladimi? Fikringizni izohlarda yozib qoldiring.

To Top ↑
To Top ↑