x

Tilimizga o`rnashib qolgan, o`zimiz bilmagan holda ishlatib, farzandlarimizni yolg`onchilik va o`ziga nisbatan ishonchsizlikka olib kelishi mumkin bo`lgan iboralar mavjud. Biz ularni kundalik hayotda o`zimizning halovatimizni o`ylab ishlatamiz. Lekin ularning bola ruhiyatiga ta'siri salbiydir. Ularni siz ham ishlatgansiz:

1. «Qo`rqma, og`rimaydi!»

Biz bolani davolayotganda (ukol, yaralarni bog`lashda) mana shu gapni aytishimiz tabiiy hol. Lekin bu jarayonlar og`riqsiz bo`lmasligi hammaga ayon. Shu gapdan so`ng og`riqni his qilgan bola ota-onasiga ham, shifokorga ham ishonmay qo`yadi.

2. «Sen qolaver, men ketdim!»

O`ynayotgan bolani uyga olib ketish uchun aytgan gapingizdan so`ng bola qo`rqqanidan yig`lagancha ortingizdan yuguradi. Siz maqsadingizga etdingiz, shundaymi? Lekin bola bu tahdid yolg`on ekanini bilmaydi va bir kuni meni tashlab ketishlari mumkin, degan fikrga kelib qoladi. Bu holning takrorlanishi esa uning ota-onasining muhabbatiga bo`lgan ishonchini parchalab boradi. Balki farzandingiz yana ozgina o`ynagani yaxshiroqdir, nima dedingiz?

3. «Barakalla, yaxshi bajaryapsan!»

To`g`ri, bolani rag`batlantirib turish kerak. Lekin agar bu me'yordan ortiqcha bo`lsa, 30 yoshga kirganida ham dastro`molchasini o`zi yuvgani uchun maqtov eshitishni xohlab turadi. Maqtamasangiz, rag`batlantirmasangiz, hech bir ishni qilishni xohlamaydi. Shuning uchun bola ulg`aygan sari u bilan gaplashishning me'yorlariga amal qilgan ma'qul.

4. «Mana, etib qoldik!»

Yo`lda yig`layotgan bolani ko`ndirish uchun eng yaxshi usul, to`g`rimi? Lekin kun kelib bola ham mana shunday yolg`on ishlata boshlashiga rozimisiz?!

5. «Bilmayman!»

Juda ko`p savol berish bolalarga xos odat. Ularning savollariga erinmasdan javob bering. «Bilmayman!» degan javobni dunyodagi eng bilimli insonlar deb hisoblagan ota-onasidan eshitgan bola uchun bu juda qattiq zarba hisoblanadi. Ayniqsa, javobni tarbiyachisidan yoki boshqa birovdan eshitgan bolaga bu yanada ayanchliroqdir. Endi uning nazarida ota-onasidan ham aqlli insonlar bor. Siz bunga qanday qaraysiz?

6. «O`ylab ko`ramiz!»

Hammamiz bilamizki, bu «yo`q» degan gapning boshqacha ko`rinishidir. Bolada umid uyg`otib, uni aldab nima qildik?! «Yo`q!» deb qo`yaqolaylik! Uning har bir iltimosiga «Ho`p!» deyishimiz shart emas.

7. «Bugun park ishlamaydi».

Ota-onalar vaqtlari yo`qligida mana shu yolg`onni ishlatishadi. Lekin derazadan, mashina oynasidan parklar yoki bolalar maydonchalarida o`ynayotgan bolalarni ko`rib qolgan bola endi siz haqingizda nima deb o`ylaydi? Demak, yolg`on gapirish mumkin ekan, degan fikrga keladi. Undan ko`ra «Bugun mening vaqtim yo`q, ishim ko`p», deb to`g`ri tushuntirish lozim.

8. «Men sening yoshingdaligimda bunday qilmaganman!»

Bolalar biz ham adashganimizni, xatolar qilganimizni, har qanday odam ham biror ishni bir necha bor uringanidan so`ng uddasidan chiqishini bilishlari lozim. Bizning yuqoridagi gapimiz esa boladagi o`ziga bo`lgan ishonchni sindirib qo`yadi.

9. «Men sening har bir qadamingni ko`rib, bilib turaman!»

Bu gapdan keyin bola o`zini himoyasiz his qiladi. Har bir qadamini qo`rqib bosadi, qo`rqoqlikka o`rgana boshlaydi. Undan ko`ra bolaning o`zini qilgan ishlarining rostini qo`rqmasdan aytishga o`rgatish lozim. U sizdan qo`rqyaptimi, aybni boshqalarga to`nkashni o`rganadi.

10. «Tort yoki shokolad tugadi!»

Bolalar zararli eguliklarni ko`p emasliklari uchun ishlatiladigan mashhur yolg`on. Lekin farzandingiz tortni kesayotganingizda, shokoladni do`kondan sotib olganingizda qancha bo`lgan-u, yana qancha qolganini ko`rgani aniq. Yolg`on gapirishning nima keragi bor? Yana ozgina berish yoki zararini tushuntirish yaxshiroq emasmi?

11. «O`yinchoqlaring qayerdaligini bilmayman. O`zing yo`qotgansan!»

Ota-onalar bolalarning o`yinchoqlarini yoyib tashlamasligi yoki qayta o`ynamasligi uchun uni yashirib qo`yishadi. Keyin bolaga o`zi yo`qotganini singdirmoqchi bo`lishadi. Izlab topa olmagan bola o`zini aybdor his qila boshlaydi. Bu esa keyinchalik ham aybdorlik hissi bilan yashashiga olib keladi.

12. «Ertaga yana kelamiz!»

Bolani ko`ndirish uchun aytiladigan bu gapning yolg`onligi aniq. Keyinroq kelamiz yoki umuman kelmaymiz, deyishni ep ko`rmagan ota-onalar shu gapni ishlatishadi. Bola buning yolg`onligini bilganidan so`ng sizga bo`lgan ishonchi so`nadi.

To Top ↑
To Top ↑