Bolalarning psixologiyasi shunday shakllanganki, ular "falon ishni qil" degan gapingizdan ko`ra shu ishni o`zingiz bajarganingizni ko`rsa, shu ishga o`rganishi oson kechadi. Bolaga ertaroq uyg`onishini tayinlab o`zingiz quyosh tik bo`lgunigacha uxlasangiz, farzandingiz hech qachon erta turishga odatlana olmaydi. Qandaydir jismoniy ishlar, ilm o`rganish kabi masalalarda ularga eng yaxshi o`rnak o`sha ishni birga bajarishdir. Gullarga suv quyish kerakmi, bola bilan birga quying. Ma'lum vaqtdan keyin siz indamasangiz ham farzandingiz shu ishni qilish kerakligini aytadi yoki o`zi bajarishni boshlaydi.
Shu kabi ishlardan biri odamlarga yaxshilik qilishda ham ularga o`zingiz ibrat bo`ling. Ochiqcha ehson qilsangiz, farzandingiz buni ko`rib tursin. Ko`zi ojiz kishini yo`lning qatnov qismidan olib o`tayotganingizda farzandingiz yoningizda bo`lsin. Shunda u dadam (yoki onam) shu ishni qilyapti, demak bu yaxshi ish degan xulosaga keladi.
Shuning uchun ham tarbiyada eng asosiysi ota-onaning o`zi namuna bo`lishi ekanligi takror va takror aytiladi. Farzandini tarbiyalash avvalo o`zni tarbiyalash deyiladi. Shunday ekan, bolaga biror nasihat qilishdan avval unga o`zingiz qanchalik amal qilishingizni o`ylab ko`ring. Bolaga har ishni bajarib ko`rsating. Ular har ishda sizdan o`rnak oladi, shuni unutmang!