x

Kichkintoylar hayotining birinchi yilida boshlarini ko`tarishni, ag`darilishni, o`tirishni, emaklashni, turishni, ba'zilari yurishni o`rganadi. O`yin – farzandingizni harakat qilishga undashning ajoyib usulidir. Bolani qorni bilan yotqizish unda kelgusida emaklashi, cho`zilishi, o`rnidan turishi, yurishi uchun zarur bo`lgan kuchni rivojlantiradi. Kichkintoy motorikasini rivojlantiruvchi o`yinlarga musiqa va tovushlar, osma buyumlar, sudrab yuriladigan o`yinchoqlardan foydalanib o`tkaziladigan o`yinlar kiradi.

Kichkintoylar bilan o`yinlar: ular nega motorika va jismoiy rivojlanish uchun muhim?

Agar o`yin kichkintoyni harakat qilishga undasa, bu uning umumiy va jismoniy rivojlanishi uchun foydalidir.

O`yin farzandingizga:

– boshini ushlab turishi va harakatlanishi uchun zarur bo`lgan bo`yin mushaklari va tanasining yuqori qismini mustahkamlaydi;

– buyumlarga cho`zilib, ularni ushlashni o`rgatadi;

– turishi uchun emaklash, intilish va dumalashni o`rganishida mushaklarini mustahkamlaydi.

Siz farzandingizni hamma narsadan ko`ra ko`proq qiziqtiradigan "o`yinchoqsiz". Kichkintoy bilan o`yin o`ynash va harakatlanish o`zaro aloqani mustahkamlashning ajoyib usulidir.

Kutiladigan natijalar: kichkintoylar va motorika

3-6 oylik farzandingiz:

– o`yinchoqlarga cho`ziladi va qorni bilan yotqizganingizda orqasiga aylana oladi;

– chalqancha yotganida qo`llarini og`ziga olib keladi, oyoqlari va o`yinchoqlarga intiladi;

– qorni bilan yotganda orqasiga, chalqancha yotganda pastga o`girilishga harakat qiladi.

Aksariyat 6-9 oylik chaqaloqlarga chalqancha emas, balki qorni bilan yotish yoqishi mumkin. Ular pastga qarab yotganda o`yinchoqlarga cho`zilishi va aylana bo`ylab harakat qilishi, hatto emaklashga urinishi ham mumkin. Shu bilan birga, bolajoningiz bu davrda boshqa harakatlarni ham bajara oladi, masalan:

– qorni bilan yotganda tepaga, chalqancha yotganda pastga o`girilib oladi;

– sizning yordamingiz bilan yoki o`zlari mustaqil ravishda o`tiradi;

– qo`llariga tayanib tizzalab o`tirib oladi;

– sizning yordamingiz bilan oyoqda turishi mumkin.

9-12 oylikdan boshlab kichkintoyingiz:

– emaklaydi, turishi uchun o`giriladi va cho`ziladi;

– yiqilmasdan mustaqil ravishda o`tiradi, o`yinchoqlarga intiladi;

– o`tirgan holatdan qorni bilan yotishi va yana o`tirib olishi mumkin;

– o`ynaganda ikkala qo`lini ham ishlatadi.

Odatda bola rivojlanishining asosiy jihatlari bir xil ketma-ketlikda amalga oshadi, lekin bu rivojlanish sodir bo`layotgan yosh har bir bolada farq qilishi mumkin. Bola rivojlanishining har bir oyida nimalar yuz berishini bizning xronologiyamizdan bilib olsangiz bo`ladi.

Qorin bilan yotish

Qorin bilan yotish vaqti — bola uxlamagan paytda qorni bilan yotish holatidir. Tug`ilganidan so`ng biroz vaqt o`tgach, kichkintoyni qisqa vaqtga qorni bilan yotqizish uning emaklashi, cho`zilishi, keyinchalik esa oyoqda turishi uchun bo`yni, boshi va tanasining yuqori qismini mustahkamlashga yordam beradi.

Dastlab chaqaloq pastga qarab yotishni yoqtirmasligi mumkin - shu bois oldin uni ko`kragingiz yoki tizzangizga qorni bilan yotqizing. Bunday holatda kichkintoy yuzingizni ham ko`ra oladi.

Shuningdek, farzandingiz bilan polga yotishingiz ham mumkin. Qo`shiq aytish, gapirish, orqasini silash yoki qo`lchalarini sekingina qitiqlash orqali unga yonida ekaningizni bildirib turishingiz mumkin.

Boshida kichkintoyingizni 1-2 daqiqa qorni bilan yotqizib ko`ring, keyinchalik u ko`nikkandan so`ng kuniga bir necha marta 5-10 daqiqadan yotqizing. Agar unga bunday yotish yoqmasa yoki ahvoli yomonlashsa, pediatrga murojaat qiling.

Motorikani rivojlantirish uchun o`yinlar 0-6 oylik bolalar bilan quyidagi o`yinlarni o`ynab ko`rishingiz mumkin:

– kichkintoyingizni tanasini qimirlatishga undang, buning uchun unga qo`shiqlar, bolalarbop she'rlar ayting yoki shaqildoqlarni silkiting;

– biroz o`ynashi uchun kichkintoyingizni kuniga bir necha marotaba qorni bilan yotqizing.

Turli yoshda tananing qaysi qismlari rivojlanishiga qarab 6-12 oylik bolalarga quyidagi mashg`ulotlar yoqishi mumkin:

Kichkintoy cho`zilishi va harakatlanishi uchun o`yinchoqlarini undan uzoqroqqa joylashtiring. Shuningdek, teginib, ushlashi uchun unga har xil oddiy o`yinchoqlarni, masalan, shaqildoqlarni taklif qiling.

Turli idish va tovalarga urishi uchun bolaga yog`och qoshiqlar yoki silkitishi uchun munchoqlar solingan yopiq idishlar bering.

Kichkintoyni polga vertikal holatda o`tqizib, ushlab turing va uning oldida to`p yoki o`yinchoqni qimirlating. Bu bolangizni o`yinchoqni ko`zlari bilan kuzatishga, intilib uni ushlashga undaydi.

Bolangizni mebel yoniga o`tqizib, cho`zilishga, keyin esa turishga undang. Mebelingiz mustahkamligiga va tushib ketmasligiga ishonch hosil qiling.

Biroz turgach, kichkintoyingizni cho`kkalab o`tirishga undang. Cho`kkalab olishi uchun uning oldiga, polga o`yinchoqlarini qo`ying.

 Kichkintoyingiz biror narsaga suyanib o`rnidan tura olsa, unga sudrab o`ynaladigan o`yinchoqlar, masalan, konstruktorli aravachalar bering. Agar aravacha tez yursa, uni sekinlatish uchun ichiga bir nechta og`ir kitob yoki bir xalta yorma solib qo`ying.

• stul yoki karton korobkalardan tunnellar yasang, kichkintoyingizga ularning orasidan emaklash, harakatlanish yoqadi.

Shuningdek, farzandingizning aynan mayda motorikasini rivojlantirish uchun to`g`ri keladigan tinch va sokin mashg`ulotlar ham muhim. Masalan, bola kichik buyumlarni ko`tarishi yoki qisqichlarni chelakchaga solishi uning mayda motorikasini rivojlantiradi. Rang-barang kitob yoki rasmlarni tomosha qilish esa uning ko`z mushaklarini mustahkamlaydi.

O`zlari taniydigan odamlar (masalan, bobo-buvilar) bilan videomuloqot qilishni hisobga olmaganda, ikki yoshdan kichik bolalarga ekran oldida vaqt o`tkazish tavsiya etilmaydi.

Kichkintoylar hamma narsa qanday ishlashi va ular nima qila olishini amalda sinab ko`rish va xato qilish orqali bilib oladi. O`yin paytida ba'zan bolalarda g`urra va tirnalishlar paydo bo`lishi oddiy hol. Uyingizni xavfsiz holatga keltiring - shunda kichkintoyingiz o`ziga zarar etkazmasdan o`ynashi mumkin.

Kichkintoylar uchun jihozlar

Kichkintoylar uchun yordamchi jihozlar, masalan, ovqatlantirish uchun stul, avtokreslo, aravacha va manejlar albatta foydali, lekin ular farzandingizning harakatlanishini cheklab qo`yadi. Bunday jihozlardan faqat zarurat tug`ilganda foydalaning, bolani ularning ichida ko`p vaqt qoldirmaslikka harakat qiling.

Toy-toy arava (bola itarib harakatlantiradigan aravacha, xodunka) va sakragichlarni ishlatmaganingiz ma'qul. Bunday jihozlar farzandingizning yurishi, emaklashi va suyanchiqsiz o`tirishini kechiktirishi, shuningdek, turli jarohatlarga sabab bo`lishi mumkin, chunki u qarovsiz qolib, xavfli joylarga (pechka, hojatxona, vannaxona, zina singari) borib qolishi ehtimoli yuqori.

To Top ↑
To Top ↑