Olimlar hiqichoq tutish yangi tug`ilgan chaqaloqlar miyasi rivojlanishidagi eng muhim elementlardan biriligini, biroq katta yoshlilar uchun keraksiz refleks ekanligini aniqlashdi.
Ta'kidlanishicha, hiqichoq tutish bolaga o`z nafas olishini boshqarishni o`rganishida yordam beradigan miya signallari to`lqinini vujudga keltiradi. Bunday xulosaga London universitet kolleji olimlari kelishdi.
“Hiqichoq bilan chaqirilgan faoliyat bolaga diafragmani [ko`krak bo`shlig`ini qorin bo`shlig`idan ajratib turuvchi pardadevor] tepaga-pastga harakatlantirib, nafas olish mushaklarini nazorat qilishni o`rganishida yordam berishi mumkin”, deb ta'kidlab o`tgan tadqiqot rahbari Lorentso Fabritsi.
Tadqiqot o`z vaqtida va vaqtidan oldin tug`ilgan chaqaloqlar miyasini skanerlashga asoslangan. Sinaluvchi chaqaloqlarning miya faoliyati elektroentsefalografiya yordamida kuzatilgan. Aniqlanishicha, bolani har gal hiqichoq tutganda uning miyasida diafragmaning qisqarishi bilan bog`langan neyron to`lqinlar vujudga kelgan.
Yangi tug`ilgan chaqaloqlarda hiqichoq tutish 8 daqiqa, chala tug`ilgan bolalarda esa 15 daqiqagacha davom etishi mumkin, biroq bu ota-oalarni cho`chitmasligi kerak.
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, insonda hiqichoq ona qornida bo`lganda (homiladorlikning 9-haftasida) paydo bo`la boshlaydi. Shu tariqa, hiqichoq tug`ilgandan keyin saqlanib qoluvchi eng erta fiziologik faollik turlaridan biri hisoblanadi.
Hiqichoq chaqaloqqa nafas olishni o`rganishida yordam bersa, uning katta yoshda uzoq davom etishi xavfli kasallik alomati bo`lishi mumkin. Shifokorlarning ma'lum qilishicha, agar katta yoshli odamni 48 soat va undan ko`proq vaqt davomida hiqichoq tutsa, bu unda miya shishi borligini anglatishi mumkin.