Albatta, har bir bolani o`zining qayerdan va qanday paydo bo`lib qolgani qiziqtiradi. Umuman, barcha bolalar qanday yaraladi? Savollar orasida eng mashhuri bo`lgan bu jumlalarga har bir ota-ona turlicha javob beradi. Afsuski, javoblarning deyarli barchasi cho`pchakdan iborat.
1. "Do`kondan sotib olganmiz". Ko`pchilik ota-ona shu javobda to`xtalib qo`ya qoladi: axir do`kondan hamma narsani sotib olish mumkin. Ho`sh, bunga ishongan farzandingiz bir kuni sizni do`konga sudrab uka yoki singilcha sotib olishga undasachi? Unda nima bahona topasiz? Yo bo`lmasa, do`konga xaridga kirgan mahalingiz u peshtaxtalarda negadir bolalar sotilmayotganini ko`rib, yana ajablanadi va savolini takrorlaydi. Savol ketidan savollar tug`ilaveradi.
2. "Seni laylak tashlab ketgan". Bu ham ommabop javob. Ayniqsa, uch yoshli bola uchun. Multfilmlarda ham shunga o`xshash manzaralarni ko`rgan bolakay bunga astoydil ishonadi. Lekin u umuman qayerdan paydo bo`lgan? Laylak uni qayerdan olib kelgan? Yoki u laylaklar orasida paydo bo`lganmi? "Tashlab ketgan", "Olib kelgan"... yo`q, bu javoblar bolakayning aynan sizlarga, ya'ni o`z ota- onasiga tegishli ekaniga katta shubha tug`diradi. Buning ustiga uka yoki singilchasining laylak emas, tug`uruqxonadan mashinada olib kelishgani uni yanada hayron qoldiradi.
3. "Sen lo`lilar aravasidan tushib qolgansan". Hazilkash amaki-yu tog`alarning jiyanlari bergan savoliga javobi. Ayniqsa, bola xarxasha qilganda qo`rqitish uchun ko`p ishlatiladi. "Yana yig`lasang, lo`liga berib yuboraman". Bu gapni umuman ishlatmaslik kerak. Yo`qsa, bolada oilaga begonalik hissi, qo`rquv tuyg`usi uyg`onadi.
4. "Sen qornimda yaralgansan, keyin shifokorlar qornimni yorib seni olishgan". Haqiqatga ancha yaqin. Ammo oxiri sal qo`rqinchli. Bolada shifokorlarga nisbatan qo`rquvning paydo bo`lishi shu javobdan bo`lsa, ehtimol. Qorinni yorish... bola buni tasavvur ham qilolmaydi, tasavvur qilsa ham naqadar dahshatligini o`ylaydi. Onasining uka yoki singil olib kelishini istamaydi, sababi onasiga og`ir bo`lishini biladi.
Ho`sh, yuqoridagi javoblarning hammasida nimadir xato ekan, to`g`ri javob qanday bo`ladi?
To`g`ri javob: bolakayga haqiqatni oddiy va ijobiy so`zlar bilan bildiring. "Men va dadang seni dunyoga kelishingni istaganmiz. Qornimda paydo bo`lib ulg`aygansan. Vaqti kelib yorug` dunyoga chiqqansan. O`shanda juda xursand bo`lganmiz. Mittigina shirintoy eding... Barcha bolalar o`z onasining tanasida paydo bo`ladi. Oilalar shu tariqa vujudga keladi". Shunga o`xshash so`zlar bilan bolajonning aynan sizlarga, ya'ni ota-onasiga tegishli bo`lganini bildiring. Bu o`rtadagi mehr rishtalarini mustahkamlaydi. Bola o`zining kimlardir tomonidan tashlab ketilgani, sotib olingani, topib olingani kabi mavhum gaplardan ko`ra, shu to`g`ri javobni mamnun qabul qiladi.