x

"Sukunat: beto`xtov so`zlayotgan dunyoda introvertlarning kuchi". Bu bestseller kitob o`zining muallifi – S'yuzen Keynga shuhrat olib keldi. Oramizda introvert – o`z olamiga g`arq, tashqi olam bilan u qadar ham chiqisha olmaydigan, ammo ich-ichida tengsiz qudratga ega odamlar ko`p. Ayniqsa, bolalar orasida bu ruhiy holat tez-tez uchraydi. Boisi, bu bolalik muhiti oqibatida qolib ketgan xususiyat.

Agar boladagi sukunat o`z vaqtida “buzilmasa”, unga o`z olamini. ya'ni ichki imkoniyatini yuzaga olib chiqishga ko`mak berilmasa, bola u erda bir umr qolib ketadi. "Bolalar – yurakda, yurakning markazida bo`ladilar," deydi muallif.

S'yuzenning fikricha, ruhiyatida o`z fe'l-atvorini anglashga bo`lgan moyillik kuchli bo`lgan "kamgap"lar favqulodda iste'dod egalari bo`lishadi. Boisi ular o`z imkoniyatlari chegarasini, nimaga qodir ekanliklarini, ya'ni o`zlarini boshqalarga nisbatan yaxshiroq bilishadi. Ammo qaysidir sabab tufayli introvertlar o`zlarini yuksak natijalarga nomunosib deb hisoblashadi. Bu kamtarinlik, ikkilanish, tortinish va befarqlik bo`lishi mumkin. Ota-ona va o`qituvchi esa ana shu omilni bartaraf etishi lozim.

Introvert kishilar o`zlarini o`z dunyolarida – sukut hukmron olamda erkin va baxtiyor his qilishadi. Kamgap va ko`p gapiradigan xushchaqchaq insonlarni bir-birlaridan neyrobiologik  tafovutlar ajratib turadi. Ya'ni, ulardagi asab tizimi turli xilda bo`ladi.

Gap shundaki, introvertlar tashqi muhitga juda ta'sirchan bo`lgan asab tizimiga egalar. Ular atroflarida bo`layotgan voqea-hodisalarni kunlab tahlil qiladilar. Shuning uchun ham, ya'ni azoblanmaslik uchun ular o`zlarini sershovqin va qizg`in muhitdan yiroqqa olib qochishadi, kezi kelganida yutuqlardan ham voz kechishadi. Ekstrovert, ya'ni ularning g`irt teskarisi bo`lgan odamlar har qanday sharoitda erkin bo`ladilar va tavakkal qilishdan cho`chimaydilar. Ularning asab tizimi tashqi muhitga chidamli bo`ladi va bu tizim har ma'lumot yoki voqeani ham ichkariga kirishiga yo`q qo`ymaydi.

Introvert bola shovqin-suron joyda ham o`zi bilan o`zi bo`ladi: biror o`yinchoq yoki mashg`ulot bilan band bo`ladi. Nari borsa, uning yonida 2 nafar o`rtog`i bo`lishi mumkin. Ekstrovert esa o`zini ommaning orasiga uradi: tadbir va tug`ilgan kun, marosimlarning, hatto mushtlashuvlarning markazida bo`lishni istaydi. Chunki, bu uning ruhiyatiga yaxshi ta'sir qiladi. Bu kabi bolalar ko`proq boshqalarning ular haqidagi fikrlariga quloq tutishadi. Introvert uchun esa o`z xulosalari muhimroq.

Introvert va uyatchan bolaning farqi bormi?

Bu ikki fe'l-atvor o`rtasida farq bor ekan. Uyatchan bolalar ko`proq uning harakatiga nisbatan boshqalarning qanday munosabatda bo`lishi va fikridan cho`chiydi. Bu ko`proq o`z-o`zini anglay olmaslik va boshqalarning e'tiboridan qo`rqishga o`xshaydi.

Introvert bolalar orasida ham uyatchanlari bor. Ammo biz ko`pincha kamtar bolalarni ham uyatchanga chiqarib qo`yamiz. Agar siz kamtar bo`lgan introvertlarni ruhlantira olsangiz, ular o`zlarini nimalarga qodir ekanliklarini ko`rsata boshlaydilar. Uyatchan boladan farqli ravishda, introvertlarning harakati va so`zlarida ishonch va qat'iy xulosalari bo`ladi. Bola tarbiyasida buni aniqlash juda muhim.

Maktabda bunday bolalar bilan alohida shug`ullanishmaydi. Hattoki, bu kabi bolalar mavjudligini bilishmaydi. Ko`pchilik o`qituvchilar uchun baho berishda javob va faollik muhim.

Sinfdagi faol, qo`llarini baland ko`targan bolalar ko`proq ustozning diqqat-markazida bo`ladi. Ammo o`qituvchi darsning mohiyatini bolalarning faolligi bilan emas, javoblarning to`g`riligi va bunga jalb qilingan o`quvchilar miqdori bilan o`lchashi kerak.

O`qituvchi bolaning o`quv mavzulariga va do`stlariga munosabatini aniqlashi va har bir bola haqida o`z xulosasiga ega bo`lishi shart.

Misol uchun, intovert bolaga savol bergan o`qituvchi "Javob ber! Tezroq!" deyishdan ko`ra, "o`ylab olishing uchun 1 daqiqa vaqt beraman," desa, bola ichki va tashqi olamning muvozanatini tenglashtira oladi va ko`ngildagidek javob qaytaradi. Buning uchun esa ustoz o`quvchilarini farqlay bilishi kerak.

Yana boshqa bir usul mavjud. O`qituvchi o`quvchilarga savol bergandan so`ng introvert o`quvchini boshqa bir sinfdoshi bilan sherik qilib, ikkalovidan savol yuzasidan o`zaro fikr almashishlarini so`raydi. Juftliklar savol bo`yicha bir to`xtamga kelishgach, ular javobni o`qituvchiga emas, avvalo bir-birlariga aytishadi. Shundan so`ng ular javobni butun sinfga aytishadi. Introvert bolaga bu orqali o`zini ruhan tayyorlash va fikrini baland ovozda ifodalash uchun imkon beriladi.

Media texnologiyalaridan foydalanish ham boladagi nuqsonli fe'l-atvorni o`zgartirishga yordam beradi. Introvert bola uchun ovozli javobdan ko`ra, komp'yuter yoki boshqa mobil' qurilma yordamida javobni sinfxonasining bosh ekraniga yozib yuborgani qulayroq. So`ng o`quvchining virtual' ishtirokini real suhbatga aylantirish mumkin bo`ladi. Introvertlarning o`zlarini onlayn tarmoqda, virtual suhbatlarda erkinroq his qilishlari ruhshunoslar tomonidan isbotini topgan. Demak, ta'limda yangi texnologiyalardan foydalanish bolaning iqtidorini yuzaga chiqarishda muhim vosita ekan.

Introvert bolalarni maktabdayoq jamoat ishlariga, tadbirlarga jalb qilish kerak. Ularni shu orqali ehtiyotkorlik bilan o`z olamlaridan tashqariga chiqishga majbur qilish lozim. Bunday bolaga biror vazifa, deylik o`rganish uchun she'r berilsa, uni yod olganidan keyin biror do`stiga aytib bersin. Undan keyin uni 2-3 kishilik kichik jamoaga aytib beradi va shu orqali uni jamoat oldidagi muvaffaqiyatli chiqishiga erishish mumkin. Bu tajribani uy sharoitida ham o`tkazish mumkin. Bolalar avval opa-akalariga, keyin ota-ona va bobo-buvidan iborat kattaroq jamoaga she'rlarini aytishlari yoki dars vazifalarini tushuntirishlari, biror tadbirdagi chiqishlarini ko`rsatib berishlari mumkin.

Bolalarni ular yaxshi ko`rgan mavzular bo`yicha suhbatga torting. Bu biokimyoviy holatni faollashtiradi. Misol uchun, agar siz hayotingizni yaxshi tomonga o`zgartirgan biror muhim voqea haqida gapirishni boshlasangiz, taningizdagi faollik tizimi oshib, u miya tizimidagi odatiy tormozlanishlar, ya'ni sizni gapirishdan to`sib qo`yadigan fe'l-atvordan ustun keladi. Har bir bolaning o`z sevimli mavzusi bo`ladi. Buni bilish uchun esa uni tinglash kerak.

Har bolada iste'dod bo`ladi, har murg`ak qalbda nimagadir qiziqish va xohish bor. Ya'ni, sirli olamda bizga noma'lum sokin qudrat yashirin. Uni namoyon bo`lishiga yordamlashish uchun yuqoridagi usullarni ham ishga solish maqsadga muvofiq.

To Top ↑
To Top ↑