Maqola bola ruhiyati bo`yicha ekspert va taniqli yozuvchi Syuzan Magsamenning maqolasi asosida tayyorlangan.
Yigitning kimgadir ishqi tushishi – bu tabiiy holat. Muhabbat aslida toza tuyg`ular mevasi. Bolaning sinfdosh qizga, maktabdosh va hatto o`qituvchisiga mehri tushishi ko`p kuzatiladi. Ota-ona bu vaziyatda uning tuyg`ulariga shikast etkazmagan holda, bolaga ularni sharhlab berishi lozim. Birinchi o`rinda, bolaning munosabati sevgi yoki shunchaki o`rganish ekanini aniqlash kerak.
Ko`pchilik onalar o`g`lining kimnidir sevib qolganini eshitgach, aksariyat holda ilk taassurot salbiy bo`ladi. Boisi, ko`pchilik onalar jonday aziz o`g`lini rashk qiladi!
Ayniqsa, bugun – sevgi yoshi tobora yosharib borayotgan bir mahalda ota-onadan bu sevgini me'yoriga keltirish uchun katta zehn va e'tibor talab qilinadi. Ruhiy tadqiqotlarda ma'lum bo`lishicha, chinakam sevgi insonda oila sharoitida, ayniqsa birinchi farzand dunyoga kelganidan so`ng shakllanadigan iliq munosabatlar tufayli paydo bo`lar ekan. Bolalar oilada ota-ona munosabatlarining shifokorlaridir. Kun kelib, biz ota-ona sifatida farzandimizning ruhiy holatiga shifo bera olishimiz kerak.
Bolaning uydan tashqarida kimgadir nisbatan shakllangan hissiy munosabatlari ularni o`ziga yaqin olish va kuchli mehr qo`yish tufayli yuzaga keladi. To`g`ri, "bolalik sevgisi"ga bola tanasidagi biologik ta'sir ham kuchini ko`rsatadi. Miyada dofamin, noradrenalin va serotonin degan insonning asab tizimiga ta'sir o`tkazuvchi gormon va kimyoviy moddalar mavjud. Ular romantik tuyg`ular "muallifi"dirlar. Ularning har birida o`zgacha sehr mavjud. Biri har qanday vaziyatda ham kayfiyatning ko`tarinkiligini ta'minlasa, boshqasi insonni g`ayratli qilib, uyqusiz tunlardan keyin ham tongni bardam qarshi oladigan qilib qo`yadi, yana biri odamni boshqalarga mehribon va e'tiborli qiladi.
Ilk muhabbat simptomlari bolada duduqlanish, kaft terlashi va yurakning tez urishi kabi holatlarni keltirib chiqaradi.
Avvaliga miyadagi tuyg`u unsurlari tufayli paydo bo`lgan hislar keyinchalik qiziqqonlik, bog`lanib qolish tufayli mustahkamlanib, ulg`aya boshlaydi. Ilk sevgi turli ko`rinishda bo`ladi. Kimnidir quvnoq qilsa, kimnidir tushkun qilib qo`yadi.
Bizning tajribasiz bolamiz uchun notanish tuyg`ular og`irlik qilib, uning fe'liga yomon ta'sir qilishi ham mumkin. Oshiq yigitcha bora-bora o`zini yomon his qilishi, zaif seza boshlaydi. Bola aynan mana shu davrida ota-onasi bilan o`zining shaxsiy hissiyotlari haqida ochiqcha gapirishi mumkin. Agar shu jarayon uzilmasa, ota-ona farzandiga o`z vaqtida bu tuyg`ularning mohiyatini tushuntirsa, bolaning qalbida sevgining go`zal urug`larini va sevgiga bo`lgan hurmatni uyg`ota olsa, farzandi keyinchalik ham bu masalada ularga murojaat qilishga odatlanadi. Aks holda, bora-bora ular indamas bo`lib qoladilar va jiddiy xatolarga yo`l qo`yadilar.
Bu "jajji muhabbat"ni ayblashga, bolani tergab, uni qo`rqitishga urinmang. Bolaga do`stiga olijanob odamdek munosabatda bo`lish sirlarini o`rgating. Farzandingiz o`zi yoqtirgan insonni hurmat qilsa, bora-bora undagi mehrdan ham ustun bo`lgan do`stlik rishtalari paydo bo`la boshlaydi.
Bolaning kimnidir yaxshi ko`rishi uning bizni sevmay qo`yganini yoki bizdan sovib qolganini anglatmaydi. Uning o`qituvchisi, enagasi yoki yana kimgadir bog`lanib qolishi aslida sog`lom turmush nishonasidir.
Bu kabi "bolalik sevgisi" qisqa muddatli bo`lishi ham mumkin. Agar tuyg`ular bolada nosog`lom kayfiyat uyg`otayotgan bo`lsa, ruhshunosga murojaat qiling. Boshqa ota-onalarning bu boradagi tajribalariga qiziqib ko`ring.
Bolangiz katta va tushunadigan yoshda bo`lsa, unga yoshlikdagi sevgining o`tkinchi ekanini tushuntiring. Unga samimiy muhabbat aslida yaratuvchanlik, insonning ichki imkoniyatlarini yuzaga olib chiqishga ko`maklashuvchi ezgulik tuyg`usi ekanini anglating. Uni o`zi mehr qo`ygan qiz bilan samimiy do`st bo`la olishiga, chin muhabbat keyinchalik oilaviy hayotda sodir bo`lishiga ishontiring.