x

 Rivojlanishning kechikishi bolalar motorika, hissiy, ijtimoiy va muloqot ko`nikmalarini kutilganidan sekinroq o`zlashtirganda kuzatiladi.

Har bir bola o`ziga xos rivojlanadi, ya'ni erta bolalik davri haqida gap ketganda, "me'yoriy" rivojlanish juda keng ma'noda tushuniladi. Agar siz bir necha oy mobaynida bolalarning muloqot, nutq, harakat yoki ijtimoiy ko`nikmalari tengdoshlari bilan bir xil darajada rivojlanmasligini sezsangiz, bu rivojlanishning kechikishi bo`lishi mumkinligi haqida o`ylashingiz kerak.

Rivojlanishning kechikishi bir yoki bir nechta sohalarda kuzatilishi mumkin. Bir nechta sohalarda yuzaga kelganda, u "rivojlanishning umumiy kechikishi" deb ataladi.

Rivojlanishdagi kechikishlar vaqtinchalik va ma'lum bir davrda mavjud bo`lishi mumkin yoki ba'zida ular uzoq muddatli rivojlanish muammosining birinchi belgisi bo`lishi ham mumkin. Uzoq vaqt davomida (yoki doimiy) mavjud bo`lgan rivojlanish kechikishlari ba'zan "rivojlanish nuqsonlari" deb ataladi. Bunga o`qishdagi qiyinchiliklar, bolalar miya falaji, intellektual (aqliy) rivojlanishdagi muammolar, autistik spektrning buzilishi kabilar misol bo`ladi.

Ko`pincha rivojlanish kechikishining mumkin bo`lgan sabablarini aniqlashda mutaxassislar "rivojlanishning kechikishi" umumiy atamasidan foydalanadi. Sabab aniqlanganda bolaning ahvolini batafsilroq tushuntiradigan tegishli nom qo`llanadi. Rivojlanish kechikishining belgilari

Farzandingizning rivojlanishi kechikkan bo`lishi mumkinligidan xavotirga tushsangiz, nima qilishingiz kerak?

• Ota-ona sifatida siz bolangizni hammadan yaxshi bilasiz.

Farzandingizning rivojlanishidan tashvishlansangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashing.

• Mutaxassislar rivojlanish kechikishi mavjudligini baholashga yordam beradigan zarur tekshiruvlarni o`tkazishi mumkin.

Rivojlanishi kechikkan bolalarga yordam beradigan mutaxassislar

Tibbiyot xodimlari (pediatrlar va asosiy yo`nalishlar shifokorlari, hamshiralar) bilan bir qatorda defektolog, logoped, fizioterapevt, ergoterapevt, psixolog, ijtimoiy xodim kabi boshqa ko`plab mutaxassislar zarur tekshiruvlarni o`tkazish va rivojlanishi kechikkan bolalar hamda ularning oilalariga yordam berishda ishtirok etadi.

Kerakli yordam turlari rivojlanish kechikishining o`ziga xos xususiyatlari bilan belgilanadi.

• Har doim ota-onalar bilan mutaxassislar hamkorlikda yordam ko`rsatishi kerak. • Bola bilan to`g`ridan to`g`ri ishlashdan tashqari, mutaxassislarning vazifasi har doim sizga bolangizni yaxshiroq tushunishga yordam berish va / yoki rivojlanishni rag`batlantirish ko`nikmalaringizni yaxshilashdir.

Rivojlanishi boshqacha tarzda kechayotgan bolalarning ehtiyojlari

Boshqa barcha bolalar singari, rivojlanishi kechikkan bolalar ham rivojlanish va o`rganishga qodir. Ammo yangi ko`nikmalarni egallash uchun ularga ko`proq vaqt kerak bo`ladi. Ularning yangi narsalarni o`rganish usuli biroz boshqacha bo`lishi mumkin, shuning uchun qo`shimcha yordam talab qilinadi.

Aksariyat bolalar yangi ko`nikmalarni osongina o`zlashtiradi, ayniqsa, qandaydir misol orqali. Rivojlanishi kechikkan bolalar ko`pincha talablar unchalik katta bo`lmaganda bosqichma-bosqich yondashuv va mashg`ulotlarga muhtoj bo`ladi. Bu yangi vazifalar navbatma-navbat amalga oshiriladigan bir nechta kichikroq bosqichlarga bo`linishi kerakligini anglatadi.

Ko`pincha yangi ko`nikmalarni to`liq egallash uchun ko`proq vaqt talab etiladi. Shu sababli bola turli vaziyatlarda ushbu ko`nikmalarni qo`llash uchun etarli imkoniyatlarga ega bo`lishi juda muhimdir.

Maktabgacha yoshda yoki maktab yoshida ham qo`shimcha yordam zarur bo`lishi mumkin. Bu haqida qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida so`zlab beradigan mutaxassislar bilan gaplashish kerak.

• Sizga boshqa turdagi yordam (masalan, moliyaviy yordam) ham taqdim etilishi mumkin.

Bolaning rivojlanishida kechikish bo`lsa, unga yordam berish sizdan qo`shimcha kuch talab qiladi, bu esa ruhiy va jismoniy charchoqqa olib kelishi mumkin. O`zingiz, sog`ligingiz va farovonligingiz haqida qayg`urish va yordam olish siz uchun bolangizga g`amxo`rlik qilish kabi muhim ekanini unutmang. Agar o`zingizni yaxshi his qilsangiz, bolangizga yaxshiroq g`amxo`rlik qila olasiz.

Rivojlanish kechikishining sabablari:

Rivojlanishning kechikishiga turli xil omillar sabab bo`lishi mumkin.

• Ba'zi sabablar irsiy xarakterga ega, ba'zan esa homiladorlik yoki tug`uruq paytidagi asoratlar bilan bog`liq bo`ladi. Rivojlanishning qisqaroq kechishiga jismoniy salomatlikka ta'sir ko`rsatuvchi kasalliklar, kasalxonada uzoq yotish va oilaviy stress sabab bo`lishi mumkin. Ba'zida rivojlanishdagi kechikishlar bolani etarli darajada rag`batlantirmaslik va uning ehtiyojlarini e'tiborsiz qoldirish natijasidir. • Ko`p hollarda rivojlanish kechikishining sabablari noma'lum.

• Har bir alohida holatda bolani barcha kerakli tekshiruvlardan o`tkazish kerak, bu esa rivojlanish kechikishining sabablarini aniqlashga yordam beradi.

To Top ↑
To Top ↑