Chaqaloqlar qo`shiqlarni yaxshi ko`radi, chunki qo`shiqlar bolalarga tovush va til olamini tanitishning qiziqarli usulidir. Bu faoliyat orqali farzandingiz tevarak-atrofidagi tovushlarni ajrata olishiga yordam berasiz.
Dastlab farzandingiz o`ynaydigan joyni tayyorlab oling. O`yinga salbiy ta'sir ko`satuvchi, chalg`ituvchi narsalarni olib qo`ying. O`yinni boshlash uchun shaqildoq kerak bo`ladi.
Endi farzandingizni yumshoq yuzaga yoki bolalar o`rindig`iga o`tqazing. Shaqildoqni farzandingiz yonida ushlab turing va asta silkiting. Ehtiyot bo`ling, farzandingiz qo`rqib ketmasligi uchun shaqildoqni qattiq shaqillatmang.
Shaqildoqni shaqillatib, bolalar qo`shiqlarini yoki quyidagi qo`shiqni kuylang:
Chip-chip jo`jalarim,
Chip-chip, chip-chip jo`jalarim.
Mening jajji jo`jalarim,
Turli-tuman jo`jalarim.
Siz bu qofiyadan turli hayvonlarni, masalan, itlar, mushuklar va hokazolar nomini qo`yib foydalanishingiz mumkin. Farzandingiz shaqildoqqa qarayotganiga, shaqildoq bolaning diqqatini jalb etganiga ishonch hosil qiling. Agar shunday bo`lsa, farzandingiz shaqildoqqa burilib qarashi uchun shaqildoqni bir chekkaga surib qo`ying va yana qo`shiq kuylashni boshlang.
Shaqildoqni xonaning turli tomonidan turib shaqillating va farzandingiz boshini burib, ovoz qayerdan kelayotganini kuzatayotganiga e'tibor bering. Bola bo`yni uchun xavfli joylarda boshini burishidan ehtiyot bo`ling.
Farzandingizda shaqildoqqa qiziqish uyg`onganini va uni o`ynashga tayyorligini his qilsangiz, qo`liga olib, o`ynab ko`rishi uchun unga shaqildoqni berishingiz mumkin. Farzandingiz shaqildoqni shaqillatayotgan paytda siz qo`shiq kuylashingiz mumkin.
Farzandingiz nimani o`rganadi: bolaning miyasi atrofdan olayotgan ma'lumotlari tufayli rivojlanadi va o`sadi. Turli ovozlarning ta'sir qilishi farzandingizga tovushlarni tanish, farqlash va tovush qayerdan chiqayotganini aniqlashga, shuningdek, bo`yin va boshni harakatlantirishga yordam beradi.