x

Bolaning ulgayib kim bo`lishini xech kim oldindan aytib berolmaydi. Ammo bizning qo`limizda uning rivojlanishi uchun hamma shart-sharoitni yaratib berish imkoni bor. Bola har kuni o`zi uchun nimanidir kashf etadi, bizning vazifamiz qullab-kuvvatlash va ko`maklashish, uning bolalarcha qiziqishlarini so`ndirmaslikdir.

Ishni bola yurishni boshlagan paytdanok boshlash mumkin. Avvaliga ijod burchagi oddiygina bo`ladi, biroq vaqt o`tishi bilan uni kengaytirib, murakkablashtirib borish mumkin. Bola katta bo`lgani sari yangi-yangi ijodiy ishlar o`ylab topsa va ularni ham ijodiy burchakka qo`shib qo`ysa bo`ladi.

Avval eng oddiyidan boshlang: uyning qulay bir burchagiga ko`rpacha to`shab, yumshoq yostiq qo`yib bering - shu bilan ijod burchagi tayyor bo`ladi. Ko`rpacha va yostik ko`rinishining farqi yuq. Buning nimasi ijod ekan, deb o`ylayapsizmi? Bir yoshli bolakay uchun xuddi shunday. Avvaliga uning ustida shunchaki dumalaydi, keyin esa uzi uchun yopiq joy ko`rishga harakat qila boshlaydi. Mana shuning o`zi ijod ekanini inkor etib bo`ladimi?

Ehtimol, bolaning uz xonasi, o`yinchoklari bo`lsa, yana alohida burchakning nima keragi bor, deya ajablanayotgandirsiz? Gap shundaki, o`z xonasi uning shaxsiy joyi emas.

U erga ota-onasi va boshqa yaqin odamlari ham kiradi. Har qanday odam (hatto juda kichik bo`lsa ham) xech kim xalal bermaydigan, hech kim tergamaydigan, faqat o`zi o`ziga xo`jayin bo`lgan bir joyizlaydi. Bola tez orada qanchadir vaqt o`zi bilan o`zi qolish, ko`ngli tusagan ishni qilish uchun «o`z uychasiga kirib oladigan bo`ladi. Agar kattalar uning shaxsiy joyini hurmat qilsa va unga o`zi istagandek qilib sharoit yaratib olishiga imkon bersa juda yaxshi. Ijodiy burchak kichikkina, lekin parda bilan yaxshilab yopilgan, burchagida yumshoqqina divan yoki kreslo va maxsus yoritkich bo`lsa ham yomon emas.

Yoritkich va devor bor joyda soyali teatr uyushtirish mumkin. Yoritkichni yoqing va qo`lingizni qimirlating devorga soyasi tushadi. Kuchukcha shaklini ko`rsating (barmoqlaringiz bilan yoki qirqilgan qog`oz yordamida), dumaloq o`yinchoqni ko`tarib qochoq bo`g`irsoqni tasvirlang... Yeritkich va devor yonida butun bir ertakni sahnalashtirish mumkin. Bu bolani hayratga soladi va sizga taqlid qilib, keyinchalik o`zi «teatr qiladi».

Bu  shunchaki ko`ngil ochish emas. Bir vaqtning o`zida ham fikrlashni o`stiradi, ham tasavvur olamini kengaytiradi.

Devorga bolaning bo`yiga moslab bir nechta ilgakchalar qilib bering. Bu erga rol o`ynashda kiyadigan kiyim va maskalarini ilishi mumkin: duxtir shapkasi, oshpazlik fartugi, kapitan furajkasi, yosh artist uchun mikrofon.....

Bola o`sayapti, endi unga stol va javoncha qo`shib qo`yishingiz mumkin. Agar javonchaning qavatlari ko`p bo`lsa, o`zingizga yaxshi, bolaning ijod qilishi uchun kerakli buyumlarni mavzusiga qarab ajratib qo`yasiz. Bu tartib o`rnatishga va bola ayni paytda o`zini qiziqtirayotgan narsani qiynalmay topishiga imkon yaratib beradi. Misol uchun, «Rasm chizish» mavzusi (qalam, bo`yoq, rasm daftar, suv solish uchun idishcha, cho`tka...); «Shakl yasash» (xilma-xil plastilinlar, doska); «Qirqib yopishtirish» (bolalar qaychichasi, rangli qog`oz, elim, qalin qog`oz, doska). Yana ularga chiroyli qilib mavzularini yozib qo`ysangiz, bu o`qishni o`rganish sari birinchi qadam bo`ladi.

Kitoblar va tabiiy buyumlar (yong`oq po`chog`i, qovun danagi, qiziq shaklli toshchalar, cho`plar, chig`anoq, payraha va h.k.) uchun, shuningdek, qo`l ishlari uchun alohida qavat ajrating.

Bir nechta mustahkam tikilgan daftarlar qo`yib, bittasiga, misol uchun, «Hayvonlar», ikkinchisiga «Jihozlar», yana boshqasiga «O`yinchoqlar» deb yozib kuying. Unga bola jurnallardan har xil rasmlarni qirqib, mavzusiga qarab yopishtirishi mumkin. Bir-ikkitasiga hech narsa yozmang, erkin mavzu uchun qoldiring. Va masalan, qanday qilib quritilgan o`simliklarni to`plash mumkinligini ko`rsating. Sayr paytida terilgan barglarni quritish, shun- dayligicha qo`yish va hatto bo`yash ham mumkin. Uning kuz oldida rasmni qirqib yopishtiring va yozib kuying.

Qo`ldan yasalgan kitobcha yanada ma'qulroq. Bir nechta toza qog`ozlarni ikkiga bo`ling va bir-biriga tiking. Mavzuni o`ylab, muqovasiga yozib qo`ying. Eski jurnaldan rasm qirqib oling. Bola uni o`zi mavzusiga qarab ajratib yopishtirsin. Masalan, «Bizning uy», «Fasllar», «Sevimli ertagim qahra- monlari», «Topishmoqlar». Yopishtirish uchun elimli qalam juda qulay. Eng qizig`i, bola o`zi ertak to`qib, usha asosida rasm yiradi.

Devorga geografik karta osib kuying (yulduzli osmon, kuyosh yoki kichkintoyingizni qiziqtirgan boshqa rasmlar bilan). Bolalarda ko`rish orkali  esda saqlab qolish kuchli bo`ladi, bu keyinchalik asqotadi. Huddi shunday chizish uchun taxta va magnitli taxtalar ham lozim (alifbo va har xil shakllar uchun). Eski chemodan ham sizga juda asqotadi. Uning qopqog`iga rasm chizish va ichida narsalarni asrash mumkin. Bolalar belgilanmagan joylarda ijod qilish»ni yoqtirishadi. Devorga qalin qog`oz yopishtirib qo`ying va uni vaqti-vaqti bilan almashtirib turing. Shunda siz bir o`q bilan ikki quyonni urgan bo`lasiz: birinchidan, bola istaganicha katta rasmlar chizish imkoniyatiga ega bo`ladi, ikkinchidan, devor va uy jihozlaringizni asragan bo`lasiz. Bundan tashqari, bunaqangi «doskaga bolaga topshiriqlar yozib qo`yishingiz mumkin. Masalan, bitta olma rasmini chizib qo`shuv belgisini kuying va ikkinchi olmani chizib, teng belgisidan sung so`roq qo`ying. Bola ikkita olma chizadi va javob tayyor bo`ladi.

Bugungi kunda bozorlarda xilma-xil o`yinchoqlar sotiladi. Albatta, ular bolaga kerak, ammo iqtisodiy imkoniyatlar to`g`ri kelmasa, qimmat pulga sotib olish shart emas. Ularni ham o`z qo`limiz bilan yanada yaxshiroq va qiziqarliroq qilib yasashimiz mumkin. Masalan, eski jurnaldan rasm oling va uni bir necha bo`lakka bo`ling. Mustahkam bo`lishi uchun avval kartonga yopishtirib oling. Bola uni joy-joyiga terib, rasmni buklab o`ynaydi.

Eski, bola allaqachon nazariga ilmay qo`ygan kubiklardan yangilarini yasash mumkin. Oltita hajmi kubiklarnikiga to`g`ri keladigan rasm tanlang. Uni kubikka yaxshilab yopishtirib, elimi kurishini kuting. Keyin extiyotkorlik bilan chiroyli qilib kesib oling. So`ng kubikning boshqa tarafini to`nkarib yangi rasmni yopishtiring.

Hamma o`yinlarni birdaniga chalkashtirib tashlamang, aks holda tezda qiziqishi yo`qoladi. Bolaning yoshiga qarab ikki-uch o`yinni qoldiring. U ana shu uyinlarni yaxshi o`zlashtirib olgach, uni yangilari bilan shug`ullantiring. Eski o`rganganlarini eslab mustahkamlab olish uchun esa ikki-uch oy o`tib, o`sha uyinlarga yana qayting.

Bolaning eng yaxshi ishlarini yig`ib borish uchun papka tuting.

Devorning bir tarafiga katta qog`oz osing va unga eng yaxshi chizgan rasmlarini osing - ko`chma ko`rgazma tayyor bo`ladi.

Bola plastilindan yasagan chiroyli shakllarni qutichalarga solib qo`ying. Mana sizga bolaning «san'at asarlari» ko`rgazmasi!

Ota-onalar yangi-yangi qimmatbaho o`yinchoqlar olib berishiga qaramay, bola ularga qiziqishini juda tez yo`qotishiga hayron bo`ladilar. Ularni ikki kun uynaydi va yana qanaqadir iplar, chup, bankaga o`xshagan oddiy narsalarga qaytadi. Buning hech qanaqangi ajablanarli joyi yo`q. Bolalar narsalarni tekshirib ko`rishga qiziqadilar. Ular uchun yuz dollarlik mashinacha bo`ladimi, ip bilan qog`ozmi, farqi yo`q. Chunki o`yinda muhimi tasavvur olamiga sayohat qilish. Aynan ana shunday «noan'anaviy» buyumlar uni har kimga - haydovchi, shifokor va hatto Nuxatpolvonga aylantirishi mumkin.

Ijod burchagiga quti qo`ying va bolani unga o`zining ko`ngliga ma'qul tushgan narsalarini solishga chorlang. Singan, ammo tashlab yuborishni istamayotgan eski o`yinchovini, sayr paytida topib kelgan chiroyli toshchalari, qopqoqchalari, qutichalari, idishchalari... Va ushbu qutini ijodkorona bezashni o`ziga qo`yib bering. Albatta, uning ichidagi buyumlar ichida qo`lni kesadigan qirrali, o`tkir yoki boshqa xavfli narsalar yo`qligiga ishonch hosil qilgachgina bolangizning qo`liga bering. 4-5 yoshlarida bola sizni hayratda qoldiradigan darajada chiroyli narsalar yasashni uddalay boshlaydi. Hozircha uning ijod namunalari beo`xshov bo`lsa ham tanqid qilmang, aksincha, ruhlantirib qo`ying. Bola mustaqil fikr yuritish va ijod qilishga o`rganadi.

To Top ↑
To Top ↑