x

 

Emizish paytida ovqatlanish muvozanatli va muntazam bo`lishi kerak. Muayyan bir ovqatni iste'mol qilish yoki ba'zi ovqatlardan butunlay voz kechish shart emas.

Emizayotgan onalar qanday ovqatlanishi haqida juda ko`p noto`g`ri tushunchalar (masalan, ularga maxsus taomlar kerak, ko`proq ovqatlanishi kerak, mumkin bo`lmagan ovqatlar ham ko`p) mavjud.

Homiladorlik paytida tanangizda yog` to`planadi; bola tug`ilgandan keyin sut qisman shu zaxiralardan, qisman siz eyotgan ovqatdan ishlab chiqariladi. Emizish davrida sizga qo`shimcha 450-500 kaloriya zarur. Kaloriya ehtiyojlari dastlabki to`rt-olti oy ichida eng yuqori bo`lib, chaqaloq faqat emiziladi. Kundalik menyuga uch bo`lak non, 100 gramm go`sht, meva yoki sabzavot yoki sut mahsulotlarini qo`shish kifoya. Bolangiz qo`shimcha ovqatlarni iste'mol qila boshlasa, siz bu “qo`shimchalarni” olishni to`xtatishingiz mumkin.

Tug`uruqdan keyin onaning ovqati engil hazm bo`ladigan va asosan suyuq bo`lishi lozim, masalan, sut, yangi tayyorlangan meva sharbatlari, mevali kompotlar, pechene, sabzavotli sho`rvalar. Ammo ikkinchi haftada onalar turli xil ovqatlarni iste'mol qilishi kerak.

Emizish davrida ovqatlanish bo`yicha tavsiyalar  

• Kundalik oqsilning kamida uchdan bir qismi qo`y yoki mol go`shti, baliq, sut va tuxumdan olinishi kerak. Go`sht B vitamini, temir va ruh moddalariga bo`lgan ehtiyojni ham qondiradi.

Omega-3 yog` kislotalari chaqaloqning miyasi va ko`zlari rivojlanishi uchun zarur. Haftada 2-3 marta baliq iste'mol qiling. Sog`lom yog` kislotalarining yaxshi manbalariga zaytun va qovoq yog`i, zig`ir, kunjut va qovoq urug`lari kiradi.

• Kalsiy bu bola suyaklarining to`g`ri - rivojlanishi uchun zarur bo`lgan sut tarkibidagi muhim tarkibiy qism; u asosan sut va sut mahsulotlari, sardalya (baliq turi) tofu, kunjut pastasida uchraydi.

• Yangi meva va sabzavotlardan C vitamini, boshoqli don va go`shtdan esa B vitaminini oling.

• Yod chaqaloqlar uchun zarur; yodlangan osh tuzidan foydalanish etarli miqdordagi yod bilan ta'minlaydi; ovqatni ortiqcha tuzlamang.

• Emizishda D, E va A vitaminlariga bo`lgan ehtiyoj ham ortadi. Agar homiladorlik paytida yaxshi ovqatlansangiz, bu vitaminlar zaxirasini yaratgan bo`lasiz, ular emizish davrida ishlatiladi va ona sutiga o`tadi.

D vitamini quyosh nurlari ta'sirida terida ishlab chiqariladi.

• Yangi pishirilgan taomlarni tanlang, qovurilgan, qayta isitilgan va dudlangan go`shtdan, shuningdek, chala pishgan go`shtdan saqlaning.

Ba'zi hidi kuchli mahsulotlar (piyoz, brokkoli, karam, gulkaram, ziravorlar yoki loviya) ona sutining hidi va ta'miga ta'sir qilishi va ba'zi chaqaloqlarda bezovtalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar shunday holat yuz bersa, bu mahsulotlarni iste'mol qilishdan vaqtincha cheklaning.

Allergiya chaqirishi mumkin bo`lgan ovqatlarni diyetangizdan chiqarib tashlash chaqalog`ingiz uchun allergiya xavfini kamaytirmaydi. Agar ko`p ovqatlardan voz kechsangiz, etarli miqdordagi muhim va foydali moddalarni ololmaysiz.

Sut ishlab chiqarilishini oshiradigan oziq-ovqat yoki qo`shimchalar

• Pivo xamirturushlari B vitaminlariga boy bo`lib, emizish paytida tavsiya etiladi, lekin alkogolli pivo shaklida emas.

• Suli sut ishlab chiqarilishini ta'minlaydigan gormonlarga ijobiy ta'sir ko`rsatadi. Siz uni bo`tqa, pechene kabi pishirilgan holda eyishingiz mumkin.

• No`xat an'anaviy ravishda emizikli onalar

 uchun ajoyib taom sifatida (no`xatli sho`rva yoki bo`tqa shaklida) ishlatiladi; qaynatilgan bug`doy ham bu borada yaxshi samara beradi.

Kunjut va zig`ir urug`lari.

Suyuqlikni majburan ichirish yoki cheklab qo`yish kerak emas. Qo`shimcha 3-4 stakan suv (emizish paytida bergan ma'qulroq) ortib borayotgan ehtiyojlarni qondirish uchun etarli. Eng yaxshi ichimlik bu - suv, yangi meva sharbatlari oz miqdorda tavsiya etiladi. Gazlangan va energetik ichimliklarni, sun'iy ranglar, shirinlashtiruvchi va hid beruvchi moddalar qo`shilgan ichimliklarni ichmang.

Qahva: kuniga 3 stakandan ko`p bo`lmagan qahva tavsiya etiladi; bolangizning xulq-atvoriga qarab, siz bolaga salbiy ta'sir qilmaydigan qahva miqdorini bilib oling. Kofein energetik ichimliklar, ko`k choy, Coca-Cola tarkibida ham mavjud; bu chaqaloqning kayfiyati o`zgarishiga, asabiylashishiga, qorindagi og`riqlar, shuningdek, uyqu buzilishiga sabab bo`lishi mumkin.

Emizish davrida ovqatlanish bo`yicha amaliy maslahatlar

• Muntazam ovqatlanish va tamaddi qilish uchun vaqt toping.

• Nonushtani kechiktirmang yoki o`tkazib yubormang.

• Turli xil ovqatlarni iste'mol qiling, chunki ona sutidagi hid va ta'mning xilmaxilligi bolangizga qo`shimcha ovqatlarni qabul qilishga yordam beradi.

• Meva va sabzavotlar ayniqsa muhim, chunki ularning tarkibida zarur minerallar va vitaminlar mavjud.

Ovqatlanish o`rniga engil tamaddi qilishdan saqlaning; tarkibida sun'iy rang, ta'm beruvchi moddalar va boshqa qo`shimchalar bor tayyor ovqatlardan ham voz keching.

Vaqti-vaqti bilan o`zingizni sevimli fastfud bilan "mehmon qiling".

• Shirin va yog`li ovqatlardan, shuningdek, shirinlashtirilgan sharbatlardan saqlaning.

Chanqab qolmasdan oldin suv iching. Har bir emizishda bir stakan suv iste'mol qilish kerak; chanqash oksitotsin refleksining alomatlaridan biridir. O`zingiz xohlagan miqdorda suyuqlik iching. Ko`p miqdordagi suyuqlik sut ishlab chiqarilishini ko`paytirmaydi, aksincha, kamaytirishi mumkin.

• B vitamini sut ishlab chiqarilishini kuchaytiradi. U boshoqli don mahsulotlari tarkibida mavjud.

• Ozishni keyinroqqa suring. Agar darhol vazn yo`qotishni boshlasangiz va ba'zi ovqatlardan voz kechsangiz yoki juda oz ovqatlansangiz, bu emizishga salbiy ta'sir ko`rsatishi mumkin.

Ko`p onalar ilgarigi qaddi-qomatlarini "tiklashni" xohlaydi va emizish ularning homiladorlikdan oldingi kerakli vaznga qaytishini kechiktirishidan qo`rqishadi. Emizish, aslida, homiladorlik paytida to`plangan yog`ning "kamayishini" kuchaytiradi, qomat normal holatga kelishi uchun faqat sabr-toqat kerak!

To Top ↑
To Top ↑