Har birimiz hayotimiz davomida ma'lum bir niqob taqamiz. “Shaxs” deb atagan bu niqoblar, hayotga moslashish uchun juda zarur va muqarrardir. Aslida ham amal qilishimiz kerak bo`lgan ijtimoiy qonun-qoidalar, qadriyatlar, urf-odatlar, an'analar va ijtimoiy rollar mavjud. Jamiyat bilan uyg`unlashtirishimiz kerak va bu tabiiy hol. Biroq ba'zilar niqobni har bir rolda va rolning har bir soniyasida taqib yuradi. Bolaligida “Meni borligimcha qabul qilishmaydi. Boshqalarga yoqishim uchun har doim ularga moslashishim kerak”, degan fikr o`rnashib qolgan insonlar munosabatlarda “ko`rfaz”ga aylanib qoladi va o`zining asl “men”ini ko`rsatmaydi. Atrofdagi muhit qanday bo`lishini xohlasa, o`zini shunday bo`lishga majburdek his qiladi. Jamiyat nimani yaxshi qabul qilsa, ular ham hech qanday ikkilanishlarsiz shunga mos xatti-harakat qilishni boshlashadi.
Agar mendan “Inson o`ziga qilishi mumkin bo`lgan eng katta yomonlik nima?” deb so`rasangiz, o`zligini yo`qotish, deyman. Chunki Rahmoni Rahimning insonga bergan eng oliy tuhfasi bu insonning o`zidir. Bolalar qanday bo`lishsa, o`zini shunday tutishadi, rol' o`ynamaydi. Faqat o`zlarini boricha qabul qilmaydigan kattalarning yonida “men” bo`lmaslikni o`rganishadi. “Buncha imillaysan”, “Qani, tezroq bo`lsangchi!”, “Namuncha lapashangsan”, “Bir unday qilasan, bir bunday qilasan!”, “Ko`y, o`zim qilaman!”, “Shu qilgan ishingga bir qara! Bekorchi narsalar bilan ovora bo`lib o`tiribsan!”.
Yuqoridagilarning bari bolaning bor iste'dodini, qobiliyatini va o`zligini rad qiluvchi jumladir. Bu gaplarni eshitgan bola vaqt o`tgani sayin o`zligidan voz kechib, rol' o`ynash mexanizmini rivojlantirishni boshlaydi. Sekin harakat qilishi qabul qilinmagan bola tezlashadi, qiziqishlari qabul qilinmagan bola o`z qiziqishlarini kattalarnikiga moslashtiradi, qobiliyati qabul qilinmagan bola onasi xohlagan mavzularda ko`zga ko`rinishni xohlaydi, yig`lashi, kulishi qabul qilinmagan bola his-tuyg`ularidan uzoqlashadi...
Shunday qilib, vaqt o`tishi bilan o`zligini yo`qotadi. Rol' uynashni, boshqalar kabi harakat qilishni boshlaydi.
Ulg`ayganimizda bu holat ichki bezovtalikning ham niqobi, ham asosiy sabablaridan biriga aylanadi. O`zligini topa olmagan (izlash uchun harakat qilmagan) inson, boshqa insonlar nazdida muvaffaqiyatli, kuchli yoki o`ziga ishongandek ko`rinsa-da, o`z ichki dunyosida nozik billur kabi nafis va mo`rt bo`ladi.