“Dunyoning eng aqlli odami” deya tanilgan nemis fizik olimi Al'bert Eynshteynga bolalik yillarida ustozlari ham, ota-onasi ham e'tibor qilinmaydi.
O`qituvchisi har doim u haqida ota-onasiga shikoyat qiladi. Uning boshqalar kabi mavzularni darhol o`zlashtirolmasligini, shu bois boshqalardan ortda qolayotganini aytadi. Otasi ham o`qituvchining bunday so`zlaridan zerikadi va o`g`lini maktabdan oladi. “O`qishni eplay olmadi, xech bo`lmasa hunarli bo`lsin” degan fikr bilan kasb-xunar maktabiga beradi. 12 yoshiga qadar o`g`lining o`qishi muammolaridan qiynalgan bechora ota o`g`lida noyob qobiliyat, o`tkir zehn borligini payqamas edi. Avvaldan bilganda edi “yaxshi o`qimaysan” deya o`g`lini koyib maktabdan chiqarib olarmidi?
Al'bert maktabda muvaffaqiyatsiz edi. Chunki o`qituvchining o`rgatadigan narsalari Al'bert uchun qiziq emasdi. O`sha davrda Germaniyada qishloq xo`jaligiga e'tibor berilgani uchun maktabda o`rgatilgan narsalar ham shu tarzda ya'ni ekin turlari, daraxtlarni butash kabi mavzular bo`lgan. Albert uchun bu mavzular umuman zerikarli va tushunarsiz. U esa tabiatdagi ajoyib muvozanat, moddalarni ko`proq o`rganishga qiziqardi.
Yillar o`tib, dunyo Eynshteynning kim ekanligini anglab etgach, har bir ma'ruzasini diqqat bilan tinglaydigan bo`ldi.
Afsuski, har bir bola Eynshteyn kabi omadli bo`lavermaydi. Darslarini o`zlashtirolmagan minglab burgut bolalarga umr bo`yi qarg`a muomalasi ko`rsatilib, ularning tumshuqlari, qanotlari, tirnoqlari qirqilib barcha burgutlik xislatlari yo`q qilinmokda. Eng achinarlisi esa bu jarayondan hech kimning xabari ham bo`lmaydi.
Eynshteyn kabi haqiqiy qobiliyatlari e'tiborga olinmay pastga urilgan o`nlab insonlar matonatlari tufayli o`zlarini isbotlay olishadi va keyinchalik ular yaratgan ixtirolar, ijod namunalari dunyo ahlini hayratga solgan va solmoqda.