x

Shaxmat ikki kishilik mantiqiy oʻyin sanaladi. Uning ma’nosi fors tilidan tarjima qilinganda „shoh mot” – „shoh oʻldi” degan ma’noni anglatadi. Mazkur o‘yin 64 ta katakli taxtada 32 ta figura yordamida oʻynaladi va unda o‘yinchilar raqib shohini mot qilishlari kerak bo‘ladi.

Shaxmatda har ikki oʻyinchi 16 tadan figuraga ega boʻladi. Bular – 1 dona shoh, bir dona farzin, ikki dona rux, ikki dona fil, ikki dona ot va sakkizta piyoda.

Shaxmat musobaqalari paytida maʼlum sondagi yurishlar qilinishi uchun chegaralangan vaqt belgilanadi. Dastlabki 40 ta yurish uchun ikki yarim, ikki va bir yarim soat vaqt ajratiladi. Tezkor shaxmatda esa oʻyinni tugatish uchun aniq vaqt (30, 25, 15 va 5 daqiqadan) beriladi. Shuningdek, sirtqi shaxmatda har bir yurishni amalga oshirish uchun masofa va aloqa vositasi turiga qarab, kun yoki haftalar belgilanishi mumkin.

Tarixi

Shaxmatning kelib chiqishi “chaturanga” o‘yiniga borib taqaladi. Arab xalifaligi davrida bu o‘yin “shatranj” nomi bilan ommaviylashgan. Arablar shaxmat yozuvini joriy etgani uchun shaxmat o‘yinlari matniga oid qimmatli ma’lumotlar saqlanib qolgan. Abulfath Ahmad ibn Sijziyning “Shatranj kitobi”da 819 yilda Xurosonda o‘tkazilgan birinchi shaxmat musobaqasi va unda g‘olib chiqqan o‘rtaosiyolik mashhur shatranjchi Abu Bakr as-Suliy haqida yozilgan. Unda qayd etilishicha, as-Suliy ko‘plab shaxmat voqealariga qahramon bo‘lib kirgan Abulfaroj Laylojga ustozlik qilgan.

Shaxmat XI asrdan boshlab Yevropada jadal rivojlangan. 1851-yilda Londonda birinchi xalqaro musobaqa uyushtirildi. Unda germaniyalik shaxmatchi Adolf Andersen g‘alaba qozonadi. 1886-yildan shaxmat bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazilishi mazkur sport turini yanada ommalashtirdi va 1924-yilda Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) tuzildi. 1987-yilda tuzilgan Grossmeysterlar assotsiatsiyasi (keyin Jahon shaxmat kengashi deb nomlandi) mustaqil ravishda shaxmat bo‘yicha bir qancha musobaqa, jahon kubogi va chempionati tashkil etdi. 2000-yilda Vladimir Kramnik va Garri Kasparov o‘rtasida o‘tkazilgan musobaqada Kramnik g‘alaba qozondi va jahon chempioni deb e’lon qilindi.

Yurtimizda ham shaxmatning ancha yillar avval chuqur ildiz otganini tasdiqlovchi manbalar keltiriladi. Xususan, 1972-yil Dalvarzintepa (Surxondaryo)da olib borilgan arxeologik qazilmalar vaqtida Kushon davri (I-II asrlar)ga oid shaxmat donalari, 1977-yil Afrosiyob (Samarqand)da o‘tkazilgan tadqiqotlar chog‘ida esa VII-VIII asrlarga taalluqli 7 ta shaxmat donasi topilgan. Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Alisher Navoiyning “Majolis un nafois”, “Lison uttayr”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” va boshqalar tarixiy asarlarda shaxmat (shatranj)ga oid qimmatli ma’lumotlar bor. Amir Temur davrida quchli shatranjchilar Samarqandda to‘planishgan. Tabrizlik Ali ash Shatranjiy (Oloviddin at-Tabriziy) Samarqandda o‘tkazilgan musobaqalarda g‘olib chiqqan. Shatranj haqida kitob yozib, unga o‘zining va XIV asrgacha O‘rta Osiyoda yashagan ko‘plab oliya (grossmeyster)larning mansubalarini kiritgan. U sohibqironning o‘zi bilan ham shatranj o‘ynab turgan.

XX asrning 20-yillaridan O‘zbekistonda shaxmatning zamonaviy qoidalari keng targ‘ib etilishi bu sport turining rivojlanishiga turtki bergan. Dastlab Toshkent, Samarqand, Qo‘qon va boshqa shaharlarda shaxmat to‘garaklari ochildi. 1930-yildan erkaklar, 1935-yildan ayollar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatlari o‘tkazila boshlagan. Turli davrlarda Fyodor Duz-Xotimirskiy, Salo Flor, Tigran Petrosyan, Paul Keres, Aleksandr Kotov, Mark Taymanov, Viktor Korchnoy, Anatoliy Karpov kabi taniqli grossmeysterlarning O‘zbekistonga kelib, ma’ruzalar o‘qishi, bir yo‘la o‘yin (seans)lar o‘tkazishi, musobaqalarda qatnashishi mamlakatimiz shaxmati rivojiga samarali ta’sir etgani ta’kidlanadi.

Shaxmatning respublikamizda keng tarqalishida O‘zbekiston televideniyesida shaxmat ko‘rsatuvi ochilgani, shaxmatga oid kitoblarni nashr etish yo‘lga qo‘yilganini ham alohida qayd etish zarur. 1984-yilda hamyurtimiz Georgiy A’zamov O‘zbekistondan yetishib chiqqan 1-xalqaro grossmeyster bo‘ldi.

XX asrning 90-yillaridan O‘zbekiston shaxmatida yuksalish boshlandi. 1992-yil erkaklar terma jamoasi jahon shaxmat olimpiadasida 2-o‘rinni egalladi, 1999-yilgi Osiyo chempionatida g‘alaba qozonildi. Ibrohim Hamroqulov o‘smirlar o‘rtasida jahon birinchiligida g‘olib chiqdi (1998). Rustam Qosimjonov Osiyoning birinchi (1998), jahonning 17-chempioni (2004) bo‘ldi.

Bugungi kunda dunyo bo’ylab millionlab kishilar shaxmat oʻynashadi. Bu o‘yin aqliy gimnastika sifatida ham koʻriladi. Mutaxassislar shaxmat bilan muntazam shug‘ullanib turuvchi kishilarning fikrlash darajasi yaxshi bo‘lishini ta’kidlaydi.

Shuningdek, shaxmat o'ynaydigan bolalarning o'zlashtirish darajasi yuqori bo'lishi, aniq va gumanitar fanlar bo'yicha bilimlarni tez va samarali egallashi o'z isbotini topgan.

Saytimiz orqali mazkur sport turining qanday o'ynalishi, uslublari va shu kabi qiziqarli ma'lumotlarni keyingi maqolalarimizda taqdim etamiz.

To Top ↑
To Top ↑