Ma'lumki, barcha sport turlari insonni jismoniy va ruhiy barkamollikka etaklaydi. Hususan, biz so`z yuritmoqchi bo`layotgan basketbol sport turi ham baquvvat, baland bo`yli va tezkor qaror qabul qiladigan kishilar o`yini desak bo`ladi. Keling, ushbu sport turining tarixiga nazar solishdan avval u haqida qisqagina ma'lumot berib o`tamiz.
Basketbol inglizcha basketball so`zidan olingan bo`lib, (basket — savat, ball — to`p) har birida beshtadan o`yinchi ishtirok etadigan jamoaviy sport turidir. O`yindan bosh maqsad — to`pni qo`l bilan o`ynagan holda 3,05 m balandlikdagi shitga mustahkamlangan savatga tushirib, imkon qadar ko`proq ochko olish hisoblanadi.
Basketbol qanday paydo bo`lgan?
Basketbol sport turiga 1891 yilda amerikalik Jeyms Naysmit tomonidan asos solingan. U Massachusets (AQSh) kollejida jismoniy tarbiya o`qituvchisi bo`lgan.
Neysmit bu o`yinni bolaligida o`ylab topgan. U o`z tengdoshlari tepada joylashgan boshqa tosh ustiga mayda toshni urish kerak bo`lgan o`yin o`ynayotganini ko`rgan. Shundan so`ng unda basketbol haqida dastlabki g`oyalar shakllana boshlagan.
Birinchi basketbolchilar u dars bergan kollej o`quvchilari edi. Jismoniy tarbiya darslarida ular zerikib, qiziqarli o`yin topa olishmaydi. Keyin janob Neysmit sport zalining yon tomonlariga shaftoli savatini osib qo`yadi. U o`quvchilarni ikki jamoaga ajratib, ularni raqib savatiga ko`prok to`p tashlash kerak bo`lgan o`yin o`ynashga taklif qiladi. O`quvchilarga o`yin yoqib qoladi. O`shandan beri basketbol rivojlana boshladi va ehtimol o`shanda uning asoschisi Jeyms Neysmit naqadar ommalashib ketadigan sport turini kashf qilganini tasavvur ham qilmagan bo`lsa kerak.
Hozirda basketbol dunyoda eng sevilib o`ynaladigan sport turlaridan biridir. Bu sport turi Olimpiada o`yinlariga kiritilgan. Shu bilan birga NBA (National Basketball Association) va FIBA (International Basketball Association) kabi yirik turnirlar tashkil etilgan. Basketbolda Maykl Jordan, Lebron Jeyms, Kevin D'yurant, Stefan Karri va Medjik Djonson kabi dunyoga mashhur yulduzlar etishib chiqqan.