Bolalarga turli yoshda turli sport mashg`ulotlari yoqadi. Ularni to`g`ri harakatlanish ko`nikmalarini rivojlantirish uchun kerakli o`yinchoqlar bilan ta'minlash lozim. Bunda, 1 yoshdan 3 yoshgacha bo`lgan bolalar uchun uchg`ildirakli velosiped – eng yaxshi echim hisoblanadi. Shu bilan birga, bolalarni ma'lum bir yosh uchun mo`ljallangan sport turlari bilan ham shug`ullantirish kerak. Bu nafaqat yutuqlar uchun, balki bolaning sog`lom rivojlanishi uchun ham zarur.
Quyida siz bilan turli yoshdagi bolalar uchun turli xil sport yo`nalishlarini ko`rib chiqamiz.
3-5 yoshda
Ushbu yoshdagi bolalarni aynan bir yo`nalishdagi sport bilan mashg`ul qilish tavsiya etilmaydi. Bu yoshda bolalarga turli xil o`yinlar to`g`ri keladi. Masalan, to`p bilan o`ynaladigan o`yinlar, estafeta, berkinmachoq, faol o`yinlar paytida yugurish va boshqalar.
Bu vaqt davomida bolalarni kelajakda shug`ullanishi mumkin bo`lgan sport turlari bilan tanishtirish lozim. Chang`ida uchish, shpagatga o`tirish, bolaning birinchi gollarini urishiga yordamlashish va shu kabi ko`nikmalarni o`rgatish ham tavsiya etiladi.
6-9 yosh
Bu yoshda bolalar maktabga boradi va yangi tajriba hamda ko`nikmalarga ega bo`ladi. Yosh bolalar uchun ijtimoiy hayot juda muhim hisoblanadi. Shuning uchun ularni do`stlari shug`ullanadigan sportga jalb qilish mumkin. Sport bilan shug`ullanish, bolalarda hamkorlik va nizolarni hal qilish ko`nikmasini rivojlantirishda muhim o`ringa ega.
Qiz bolalar uchun: individual yoki jamoaviy gimnastika, suzish, raqs, chang`ida uchish.
O`gil bolalar uchun: futbol, suzish, karate, tennis va boshqalar.
9-12 yosh
Bu yoshda bolalar uchun ijtimoiy munosabatlar ustuvor hisoblanadi. Shuning uchun bu yoshda farzandlaringizni jamoaviy o`yinlarga jalb qilganingiz ma'qul. Futbol, hokkey, voleybol, basketbol va boshqa jamoaviy sport o`yinlari 9-12 yoshdagi bolalardan ko`proq vaqt va e'tibor talab qiladi. Siz ham farzandingizni doimiy ravishda mashg`ulotlarga olib borishingiz, sport anjomlarini sotib olib berish va musobaqalarida ishtirok etishingiz kerak bo`ladi.
O`smirlik davri
Bu vaqtga kelib, sizning rolingiz biroz o`zgaradi. Bu davrda o`smirlar ancha mustaqil bo`lib, qaysi sport turini tanlash borasida o`zlarining xohish va tanlovlarini aytib berishadi. Siz esa rag`batlantirish va qo`llab-quvvatlashni davom ettiring. Agar bola shug`ullanadigan jamoasi quvonchdan ko`ra stressni bersa, bolalar bunday mashg`ulotlardan voz kechishni xohlashlari mumkin. Bunday qaror qabul qilish juda qiyin bo`lishi mumkin, ammo unutmang: sport doim quvonch keltirishi kerak. Lekin agar Olimpiya chempionini tayyorlayotgan bo`lsangiz, bu boshqa masala.
Foydali sport turlari:
• basketbol, voleybol;
• raqs, balet;
• chang`ida uchish;
• xokkey;
• figurali uchish;
• futbol;
• tennis;
• bilyard;
• badminton;
• gimnastika, xoreografiya;
• boks;
• suzish, suvga sakrash;
• yugurish;
• engil va og`ir atletika;
• yoga, fitness.
Bolani sportga qiziqtirish uchun farzandingiz bilan sport markazlariga sayohat uyushtirishingiz mumkin. Ba'zan bola nimani yoqtirishini oldindan aytib bo`lmaydi, ko`p narsa jamoa va murabbiyga ham bog`liq.