x

Ijtimoiy tarmoqlarda 2009-yilda tug`ilgan, 7-sinf o`quvchisi D.K. (qiz bola) unashtirilmoqda, degan mazmundagi video tarqaldi. 

 Aniqlanishicha, holat Qashqadaryo viloyatining Ko`kdala tumanida bo`lib, mas'ullar tomonidan joyiga borib o`rganish o`tkazilganda, qizchaning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug`ilgan kuni munosabati bilan o`tkazilgan marosim ekanligi to`g`risida tushuntirish berdilar. 

D.K ning ota-onasi ayolni turmushga chiqishiga majburlash uchun jinoiy javobgarlik mavjud ekanligi to`g`risida ogohlantirildilar. Shuningdek, D.K. ning ota-onasi o`z tushuntirishida videodagi holat to`y yoki unashtiruv marosimi emasligi va qizini erta turmushga berish niyati yo`qligi, unga ta'lim berish va shifokor bo`lib etishishi niyatida ekanliklarini ma'lum qildilar.

Shu bilan birga, respublikamizning bu hududida qizlarni unashtiruv marosimini erta o`tkazish urf-odatlari qisman bo`lsada saqlanib kelayotganini inobatga olib, mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani o`z nazoratini davom ettiradi.

Jumladan, bu oilada bolaning jismonan va ma'nan sog`lom muhitda parvarish qilinishi, uning ta'lim olish huquqi hamda kelgusida o`z hayoti bilan bog`liq qarorlarni qabul qilish huquqi ta'minlanishi kuzatib boriladi.

Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo`lib, shunday fikrda bo`lgan ota-onalarni nikoh yoshi to`g`risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilanganligi haqida ogohlantiradi

To Top ↑
To Top ↑