x

Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bajarilgan noyob operatsiyalar soni yana bittaga ko`paydi. Bu erda N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti shifokorlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor 1 yoshu 4 oylik bolaning ortiqcha yarim tana umurtqasini olib tashlash jarrohlik amaliyoti o`tkazildi.

Jajji bemor Muhammadusmon Ibragimov 2021 yilda Farg`ona viloyatining O`zbekiston tumanida tug`ilgan. Dunyoga kelganida umurtqa pog`onasida tug`ma anomaliya borligi aniqlangan. Ya'ni umurtqa pog`onasi ko`krak-bel qismi sohasida qiyshiqlik, chap tomonda ko`krak qafasining bo`rtib chiqib qolishi kuzatilgan.

Vaqtinchalik muolajalardan so`ng ota-onasi Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojat qildi.

Kerakli laborator va instrumental tekshiruvlardan so`ng Muhammadusmonga "Umurtqa pog`onasi tug`ma rivojlanish anomaliyasi, umurtqa pog`onasi ko`krak-bel qismi tug`ma skoliozi, ko`krak va bel qismi shakllanishi buzilishi. Chap tomonlama VThH yarim umurtqasi" tashxisi qo`yildi.

Muassasada  VTh 12 yarim umurtqani olish, skoliotik deformatsiyasini korrektsiyalash va endokorrektor bilan stabilizatsiya qilish operatsiyasi  muvaffaqiyatli o`tkazildi. Hozir bemorning ahvoli qoniqarli.

Markaz rahbari Murod Irismetovning ta'kidlashicha,  avvallari bunday jarrohlik muolajalarini bajarish uchun bemorning balog`at yoshiga etishi kutilgan. 

Oqibatda o`tgan davrda butun umurtqa pog`onasida og`ir skoliotik deformatsiya yuzaga kelib, yakunda juda katta jarrohlik amaliyoti o`kazilishiga to`g`ri kelgan.  Bundan tashqari, bemorning ko`krak qafasi organlarida ikkilamchi o`zgarishlar paydo bo`lgan. Bu esa ko`pincha  bemorning umrbod nogiron bo`lib qolishiga olib kelgan.

Endi mazkur murakkab amaliyotning erta yoshda o`tkazilishi yuqoridagi kabi asoratlar va tug`ma nogironlikning oldi olinishiga xizmat qiladi.

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑