Mahalliy yangiliklar
O`zbekiston maktablarida, xususan, prezident maktablarida ispan tilini o`qitish bo`yicha dasturlar joriy qilinadi. Bu haqda Ispaniya Ta'lim va kasbga o`qitish vazirligi hamda Ta'limni xalqarolashtirish xizmati (SEPIE) mutasaddilari bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda aytildi.
Qayd etilishicha, ushbu uchrashuvda O`zbekiston va Ispaniya o`rtasida o`rta maxsus va oliy ta'lim yo`nalishlarida hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Muzokaralarda xorij tomoni ispan tilini o`qitishni O`zbekiston maktablarida, xususan, birinchi galda Prezident maktablarida ikki tilli bo`limlar dasturi, chet tili o`qituvchilarning yordamchilari dasturi, Ispaniya ta'lim va kasbga o`qitish vazirligining resurs markazlari faoliyatini joriy qilish orqali hamkorlik aloqalarini yo`lga qo`yishni taklif etgan.
Hozirgi kunda ushbu ta'lim dasturlari Lotin Amerikasi, AQSh, Yevropa mamlakatlari, Hitoy, Rossiya va boshqa davlatlar maktablarida keng joriy qilinganligi aytib o`tildi.
Ispan tili dasturlari joriy qilingan maktablar boshqa ta'lim muassasalariga nisbatan mavqei yuqori bo`lib, iqtidorli o`quvchilarga milliy shahodatnoma bilan birga Ispaniya shahodatnomasi taqdim etiladi. Dasturda ishtirok etgan maktablarda ispan tili va madaniyati burchaklari hamda muzeylar bilan ta'minlanadi.