x

Jahon yangiliklari

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg’armasi (UNICEF) ijrochi direktori Ketrin Rassel ayni kunlarda urush o’chog’iga aylangan Ukrainadagi bolalarning holati yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Uning ta’kidlashicha, tashkilot Ukrainada kuchayib borayotgan jangovar harakatlar mamlakatdagi 7,5 million bolaning hayoti va farovonligiga bevosita tahdid solayotganidan chuqur xavotirda. Rassel xonim sodir bo‘lgan qurolli hujumlardan so‘ng suv infratuzilmalari va ta’lim muassasalariga zarar yetganini ma’lum qilgan.

“UNICEF butun Ukraina sharqida bolalar hayotini saqlab qolish dasturlarini kengaytirish ustida ishlamoqda. Bu mojarodan jabrlangan hududlarga kerakli tibbiy vositalar hamda muhtoj oilalarga zudlik bilan yordam ko’rsatish bo’yicha mahalliy hokimlik bilan hamkorlik qilinyapti. UNICEF tomonidan yuboriladigan sayyor guruhlar shikastlangan bolalarga psixo-ijtimoiy yordam ko’rsatmoqda.
Ushbu to’qnashuvlar hududlardagi bolalarga chuqur ta’sir ko’rsatadi. Ukraina bolalari tinchlikka muhtoj”,
– degan UNICEF ijrochi direktori.

Qayd etilishicha, tashkilot BMT bosh kotibining urushni to’xtatish bo’yicha chaqirig’ini qo’llab-quvvatlaydi. Shuningdek, UNICEF tomonlarni shikastlangan bolalarga gumanitar yordamlarning yetib borishini ta’minlash bo’yicha xalqaro majburiyatlarni hurmat qilishga chaqirgan. Bundan tashqari, tashkilot bolalar bilan bog’liq infratuzilmalar – maktablar, sog’liqni saqlash tizimi binolari va hokazolarga hujum qilishdan tiyilishga chorlagan.

Ma’lumot uchun: UNICEF dunyo bo’ylab bola huqularini ta’minlash bilan shug’ullanuvchi va nochor bolalarga yordan ko’rsatuvchi eng yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi. Bu tashkilot 190 dan ortiq mamlakatda bolalarning hayot tarzini yaxshilash bo’yicha ishlar olib boradi.

To Top ↑
To Top ↑