x

Surxondaryodagi maktabda oʻquvchilarning ovqatdan zaharlanishi holati yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Maktab oshxonasida ayrim mahsulotlarda sanitariya meʼyorlari qoidalari buzilgani, bu esa bolalarda kasallik keltirib chiqargani aniqlangan.

Surxondaryodagi maktab yotoqxonasida yotuvchi 33 nafar oʻquvchilar ovqatdan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar qilgan edik. Bolalar ombudsmani xabariga koʻra, ushbu holat tezkor-tergov guruhi tomonidan oʻrganilgan.

Natijada maktab oshxonasidan olingan ayrim mahsulotlar sanitariya meʼyorlari qoidalari va gigiyena normalari talablariga javob bermasligi hamda oshxona jihozlaridan foydalanish tartib qoidalariga rioya qilinmaganligi, bu esa bolalar oʻrtasida yuqumli oshqozon ichak kasalliklari bilan kasallanishiga olib kelganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Sariosiyo tuman prokuraturasi tomonidan JKning 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud oʻtkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish) 4-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

To Top ↑
To Top ↑