Buxoroda onasining qotiliga aylangan oʻgʻilga hukm oʻqildi. Taʼkidlanishicha, qotillik Gʻijduvon tumanidagi Bobur mahalla fuqarolar yigʻini Gulobod koʻchasidagi xonadonlardan birida sodir boʻlgan. 1993-yilda tugʻilgan H.N. onasi M.O. bilan uzoq vaqtdan buyon oʻzaro kelishmovchilikda yashab kelishgan.
Bundan bir yilcha ilgari Buxoro viloyati, Gʻijduvon tumanidagi 29 yoshli oʻgʻilning 51 yoshda boʻlgan oʻz onasini pichoqlab oʻldirgani haqidagi xabar koʻpchilikni hayratga solgan edi. Jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro viloyati sudining bosh konsultanti Nurbek Rahimovning maʼlum qilishicha, qotil 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Mahalla vakili Lobar Sharipovaning soʻziga koʻra, ushbu oilada besh farzand boʻlib, N.H. uchinchi farzand. Qotillik sodir boʻlishidan chamasi yigirma kuncha ilgari marhuma tuman obodonlashtirish boʻlimida faoliyat yuritib kelayotgan turmush oʻrtogʻi H.H. bilan ham janjallashgan boʻlgan. H.H. ham hovlidan chiqib ketgan boʻlgan.
Qotillik sodir boʻlgan kunning ertasigayoq mahallada viloyat IIB mutasaddi rahbarlari hamda tuman hokimi, qator masʼullar, mahalla mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jinoyat tafsilotlari muhokama qilingan. Jinoyatning kelib chiqish sabablari va uning kelib chiqishiga omil boʻlgan shart-sharoitlar birma-bir tahlil qilingan.
“Nihoyat, mahallamizda sodir boʻlgan qotillik boʻyicha koʻrib chiqiladigan sud ishiga ham yetib keldik. Bugun hukm eʼlon qilinadi. Yashirishga hojat yoʻq, N.H. mahallamizdagi eng yaxshi payvandlovchilardan edi. Ogʻir va vazmin bola. Otasi ham, oʻzi ham hech qachon birov bilan kelishmovchilikka yoki janjalga bormagan. Aqlli, esli va hushli, mehnatkash yigit edi”,-deydi Lobar Sharipova.
Sud hujjatlariga koʻra, N.H. 29 yoshga toʻlgan boʻlsa-da, oilaviy sharoit tufayli uylanmagan boʻlgan. U oʻzi tugʻilib oʻsgan xonadonga kunora faqat singillaridan xabar olish uchungina kelib turgan.
“Sud-tergov harakatlari davomida aybdorning onasi M.O. uyiga doimiy ravishda spirtli ichimliklar isteʼmol qilib, begona erkaklarni uyiga olib kelib, ular bilan ishqiy munosabatda boʻlib yurgani aniqlandi. Onasining ushbu harakatlaridan oʻgʻil norozi boʻlib, bir necha marotaba tanbeh bergan. Shunga qaramasdan, onasi bu harakatlarini davom ettirib kelavergan. Turmush oʻrtogʻi ham or ustida xonadondan chiqib ketgan boʻlgan”,-dedi sud raisi.
Sud oʻz hukmini eʼlon qilishda mahalla-koʻy, qoʻni-qoʻshnilar va voqeaga guvoh boʻlganlarning N.H. haqidagi koʻrsatmalari, ijobiy tasniflari inobatga olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasi (qasddan odam oʻldirish bilan aybdor, deb topilgan va JKning 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qoʻllab, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.