Mahalliy yangiliklar
Jizzax viloyatida chaqalogʻini qiynab kelgan erkakning hibsdan chiqarilgani haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi. Bolalar ombudsmani rasmiy maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, Jizzax shahar IIB huzuridagi TB tomonidan 2023-yilning 21-dekabr kuni A.B. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a”,“b” bandlari, 112-moddasi 1-qismi va 168-moddasi 4-qismiga binoan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Fuqaro A.B. Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, TIIB VSHga joylashtirilgan va hozir ham hibsda saqlanmoqda.
Shu bilan birga, bolaning onasiga A.B. tomonidan doimiy tazyiq oʻtkazib kelingani inobatga olinib, 2023-yilning 28-dekabr kuni Z.X. ga himoya orderi berilgan hamda uning va voyaga yetmagan farzandi A.X. ning xavfsizligini taʼminlash choralari koʻrilgan.
Avvalroq, Jizzaxda erkak chaqalogʻini muttasil ravishda qiynab kelgani aniqlanib, unga nisbatan qiynash, oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish moddalari boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgani haqda xabar berilgandi.