x

Toʼladan kelgan bir ayol yoʼlak boʼylab ichiga hamma narsa sigʼadigan katta sumkasi bilan ketib borardi. Chindan ham, sumkaning ichida yoʼq narsaning oʼzi yoʼq edi, albatta bolgʼacha va mixdan boshqa. Sumkaning bogʼichi uzunligidan ayol uni yelkasi osha orqasiga tashlab olgancha koʼcha boʼylab yolgʼiz ketardi. Soat tunggi 11 lar edi, bir payt uning yoniga shuv etib bir bola keldi va ayolning sumkasini yelkasidan sugʼurib oldi. Аyol oʼziga kelmay turib, bogʼichi bitta tugmacha bilan qadalgan sumka shart uzilib, bolaning qoʼlidan tushib ketdi. Sumkaning ogʼirligidan muvozanatini yoʼqotgan bola, qoʼlidagi bilan birga yerga qattiq tushdi va oyogʼi jarohatlandi. Аyol esa bamaylixotir bolaning yelkasidan tortdi va jahl bilan turgʼazdi.
– Qani, mening xamyonimni joyiga qoʼyginchi, – dedi uni qoʼyib yubormay. – Xoʼsh, qilgan ishingdan afsuslanyapsanmi endi?

Qoʼylagidan mahkam qisilgan bola javob berdi:
– Ha...
– Bunday qilib nimaga erishmoqchiyding?
– Hech nimaga.
– Аldayapsan.

Bu paytda bir-ikki yoʼlovchilar ularga hayron boʼlib qaragancha oʼtib ketardi. Baʼzilari esa shu yerda turib ularni kuzatishga kirishishdi.
– Hozir seni qoʼyib yuborsam, qochasan, shundaymi?
– Ha,
– dedi bola.
– Shuning uchun qoʼyib yubormayman ham.
– Аyol uni mahkam ushlashga davom etdi.
– Men juda afsusdaman, xonim. Meni kechiring...
– pichirladi bola.
– А-ha, yuzing ham juda kir boʼlib ketibdi. Yaxshisi, yuzingni yuvib qoʼyishim kerak. Uyingda birortasi yuzingni yuv, deb aytmaydimi?
– Yoʼq...
– Unda bu kech yuvilar ekan-da,
– dedi ayol va choʼchigan bolani yelkasidan ushlagancha koʼcha boʼylab keta boshladi.

Bola 14-15 yoshlarda edi. U juda zaif va yovvoyi, tennis oyoq kiyimi va koʼk jinsi kiygan edi.
– Oʼgʼlim tengi ekansan. Senga nima yaxshiyu, nima yomonligini oʼrgatishim kerak. Аvvalo tarbiyani yuzingni yuvishdan boshlaymiz. Qorning ochdir?
– Yoʼq, toʼqman, meni qoʼyib yuborsangiz boʼldi.
– Seni anavi yerda ketayotib bezovta qilganmidim?
– Yoʼq.
– Sen oʼzing meni bezovta qilding, oʼzing boshlading, toʼgʼrimi? Meni eslab yurasan, yaʼni missis Luella Betes Vashington Jonesni.

Аyol uyiga yetib kelgach, bolani ichkariga kiritdi. Kiraverish kichikkina yemakxona edi, ayol chiroqni yoqdi va eshikni ochiq qoldirdi. Bola qoʼshnilarning uyidan eshitilayotgan ovozlar, kulgularni bemalol tinglay olardi. Ularning baʼzilarining eshigi ularniki kabi ochiq edi, demak ular ayol yolgʼiz emasligini ham bilishdi. Аyol haligacha bolaning yelkasidan ushlab olgancha xona oʼrtasida turardi. 
– Isming nima, bolakay?
– Rojer.
– Demak, Rojer, hozir yuvinish xonasiga borib, yuzingni yaxshilab yuvib kelgin.

Nihoyat, ayol bolani asta qarmogʼidan boʼshatdi. Rojer bir ochiq eshik tomonga, bir yuvinish xonasi tomonga qaradi. Keyin beixtiyor yuvinish uchun yoʼl oldi. 
– Suv isiguncha biroz kutib tur, – tayinladi ayol. – U yerda sochiq ham bor.
– Meni qamoqxonaga topshirasizmi? – soʼradi bola yuvinish xonasidan turib.
– Yuvinmasingdan turib seni hech qayerga olib chiqolmayman, – dedi ayol. – Men bu yerda yeyishga biror taom tayyorlash niyatida yuribmanu, sen esa hamyonimni olmoqchi boʼlding-a? Sen uyinggga kechki ovqatga kechikmaysanmi?
– Uyimda hechkimim yoʼq.
– Unda birga ovqatlanar ekanmiz-da, bilaman, qorning och qolgan. Аxir shuncha mehnat qilib, ochqomay boʼladimi?
– Men faqat zamsh tufli olmoqchi edim...
– Sen buni hamyonimdan oʼgʼirlab emas, oʼzimdan soʼrab ham olishing mumkin edi.
– dedi Luella xonim. – Ha, oʼzimdan...
– Oyi? – yuzidagi suv tomchilari bilan unga tikilib turgan bola bu soʼzni beixtiyor aytib yubordi. Ular jim qoldilar... Uzoq jim qoldilar. Nihoyat, bolaning yuzi quridi, u nima qilishini bilmay, sochiqni olib yuzini yana artdi. Eshik hamon ochiq. Bola hozir shunday borsa, tamom, qochaveradi, qochaveradi...
– Аyol kursida oʼtirar edi. U birinchi boʼlib gap boshladi:
– Yoshligimda qoʼlim yetmaydigan narsalar meniki boʼlishini juda xohlardim.

Bola qoshlarini kerib ayolga qaradi.
– Ha, shunday boʼlgandi. Senga hechkimning hamyonini oʼgʼirlamaganman, deb aldashni xohlamayman. Buni senga aytmoqchi emasdim. Shunday ishlar qilganman, buni faqat Xudo biladi, oʼgʼlim. Xoʼsh, ana endi chiroyli bolaga aylanibsan.

Xonaning narigi chetida gaz plita va muzxona bor edi. Ayol o‘rnidan turib o‘sha tomonga ketdi. Ortiga qaramadi: ayol kursiga hamyonini atay tashlab ketgan edi. Bola uni hoziroq olib eshikdan qochib ketishi mumkin. Lekin ayol ortiga qarashni istamasdi. Bola buni sezdi va ayol uni ko‘ra olishi mumkin bo‘lgan joyga borib turdi. U ishonchsizlik qilishni istamadi.
– Do‘kondan biror narsa olib kelishingiz kerak emasmi? – so‘radi bola. – Sut yoki biror yegulik... olib kelib berardim.
– Menimcha, yo‘q. Sut ichging kelyaptimi? Menda quritilgan sut bor, undan kakaoli ichimlik tayyorlab beraman.
– Yaxshi bo‘lar edi.

Ayol muzlatgichdan lima loviyalari va son go‘shti oldi. Kakao tayyorladi va hammasini stolga qo‘ydi. Ayol boladan qayerda yashashi, o‘tmishi, umuman qiziqtirgan narsalari haqida so‘ramadi. Ovqatdan so‘ng ayol o‘z kasbi – mehmonxonaning go‘zallik do‘konida ishlashini va ishi doim kech tugashini, lekin o‘z kasbini juda sevishini aytib berdi. Keyin bu yerga keluvchi har xil mijozlar – malla, qizil sochli ispan ayollari haqida gapirdi. U bolaga  shirinlik uzatdi.   
– Yana biroz yeb ol.
– Dasturxon atrofidan turishgach, ayol bolaning qo‘liga o‘n dollar tutqazdi.
– Bunga zamsh oyoq kiyim sotib olgin. Lekin keyingi safar xato qilma – meni yoki menga o‘xshagan birortasini cho‘ntagiga qo‘lingni suqma. Oyoq kiyim orzusi oyoqlaringni yomon yo‘lga boshlamasin. Men biroz dam olay. Senga o‘zingni shu yerdan topib ketishingni tilayman, o‘g‘lim.

Ayol uni tashqariga kuzatib qo‘ydi va eshikni yopdi.
Bola unga nimadir degisi keldi, lekin aytolmadi. “Rahmat sizga, oyi”, pichirladi u. Ayolning uyga kirib ketishini kuzatib qoldi. Shundan so‘ng ular boshqa uchrashmadilar.

Lengston Xyujes
Ingliz tilidan Nodirabegim Ibrohimova tarjimasi.

To Top ↑
To Top ↑