Bolaning roziligisiz farzandlikka olish
Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan bo`lsa va ularni o`z ota-onasi deb e'tirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
Farzandlikka oluvchining eri (xotini)ning bolani farzandlikka olishga roziligi
Agar bola er-xotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan bo`lsa, bunga xotin (er)ning roziligi talab etiladi.
Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan bo`lsalar va er (xotin)ning turar joyi noma'lum bo`lsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi.
Vasiylik yoki homiylikdagi bolani farzandlikka olish
Vasiylik yoki homiylikdagi bolani farzandlikka olish, agar uning ota-onasidan rozilik talab qilinmaydigan bo`lsa, vasiy yoki homiyning roziligi bilan amalga oshiriladi.
Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi
Bolani farzandlikka olish uchun farzandlikka olinayotgan bola ota-onasining roziligi talab etiladi.
Ota-ona bolaning muayyan bir shaxs (shaxslar) tomonidan farzandlikka olinishiga rozilik berishlari yoki farzandlikka berishga rozilik bildirib, farzandlikka oluvchilarni tanlash ixtiyorini vasiylik va homiylik organiga havola qilishlari mumkin.
Ota-onaning bolaning farzandlikka olinishiga roziligi notarial tasdiqlangan yoki ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bola joylashgan muassasa rahbari tomonidan yoki farzandlikka olish amalga oshirilayotgan joydagi yoxud ota-ona doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo`yicha ro`yxatdan o`tgan joydagi vasiylik va homiylik organi tomonidan tasdiqlangan arizada bayon etilgan bo`lishi kerak, shuningdek farzandlikka olish to`g`risida ish yuritilayotganda bevosita sudda bayon etilishi mumkin.
Sud tomonidan farzandlikka olish to`g`risidagi hal qiluv qarori chiqarilguniga qadar ota-ona bolaning farzandlikka olinishiga bergan roziligini qaytarib olishga haqli.
Ota-onaning roziligisiz farzandlikka olish
Farzandlikka olish quyidagi hollarda:
ota-onaning kimligi noma'lum bo`lsa;
ota-ona ota-onalik huquqidan mahrum qilingan bo`lsa;
ota-ona muomalaga layoqatsiz, bedarak yo`qolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb e'lon qilingan bo`lsa;
ota-ona bir yildan ortiq muddat davomida bolalar yoki davolash muassasalaridagi bolasidan uzrli sabablarsiz xabar olmagan bo`lsa, ota-onaning roziligisiz amalga oshiriladi.
Dilmurod TILOVOV tayyorladi