Prezident imzolagan qonunda jinsiy zo`ravonliklarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi. Ayniqsa voyaga etmaganlarga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar uchun jazolar keskin oshirildi.
Huquqshunos Hushnudbek Hudoyberdiyev ushbu qonunni quyidagicha izohlaydi: amaldagi qonunga ko`ra, 16 yoshga to`lmagan shaxs bilan uning roziligi bilan jinsiy aloqaga kirishgan ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilmaganligini bahona qilib, javobgarlikdan ozod bo`lib qolish imkoniyatiga ega edi. Yangi qonunda bunday shaxslarning javobgarligining muqarrarligi ta'minlanib, ayblanuvchi jabrlanuvchining yoshini bilgan yoki bilmaganligidan qat'iy nazar oddiy holda 5 yilgacha, og`irlashtiruvchi holatlarda 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortiladi.
E'tibor bering, bu erda 16 yoshga to`lmagan shaxsning xohishiga qarshi uning nomusiga tegish haqida gap ketmayapti. Bunday qilmishning jazosi yanada og`irroq (10 yildan 15 yilgacha).
Yuqorida o`zi xohlab jinsiy aloqaga kirishish haqida gap ketyapti. Ya'ni 16 yoshga to`lmagan shaxs o`zi xohlab jinsiy aloqada bo`lsa ham, u bilan jinsiy aloqaga kirishgan shaxs jinoyatchi hisoblanadi va bunda holatiga qarab 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
HULOSA: 16 yoshga to`lmagan qiz yoki yigit bilan jinsiy aloqa qilgan shaxslar har qanaqasiga ham jinoiy javobgarlikka tortiladi. Agar 16 yoshga to`lmagan shaxsning o`zi xohlagan bo`lsa, unda 5 yilgacha, agar xohlamagan bo`lsayu, uning nomusiga tegilgan bo`lsa, unda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.