x

Siydik ajralib chiqarilishini ham asab sistemasi nazorat qiladi. Tungi enurez, ya'ni tunda bola nima uchun tagiga siyib qo`yishi haqida ma'lumot berib o`tamiz. Chunki ota-onalar enurez bilan bolasini faqat urologga ko`rsatib yurishadi. Bolani avvalombor nevropatolog ko`rishi kerak. Tagiga siyib qo`yadigan bolalarning hammasi qotib uxlaydigan bo`lishadi. Tunda uxlab yotgan bolaning qovug`i siydikka to`ladi va buning natijasida qovuqning ichki devorida joylashgan baroreseptorlar (bosimni sezuvchi nerv o`siqchalari) qo`zg`aladi. Ushbu reseptorlarda paydo bo`lgan signallar orqa miyada joylashgan tos funktsiyalarini nazorat qiluvchi markazga uzatiladi. Bu erda signallar qayta ishlanib bosh miyaga uzatiladi.

Bosh miyaga signal etib kelgach bola uyg`onishi kerak. Chunki qo`shimcha ravishda kelgan har qanday signal bosh miyada qo`zg`alish o`chog`ini hosil qiladi va buning natijasida uxlab yotgan odam uyg`onadi. Masalan, qattiq tovush eshitsangiz, biror joyingiz og`rib qolsa, soat jiringlasa yoki yomon tush ko`rsangiz uyg`onib ketishni bunga misol qilish mumkin.

Biroq bola uxlab yotaveradi. Orqa miya esa bosh miyadan javob olmaguncha unga «Bolani uyg`ot» deb signal yuboraveradi. Bosh miya esa shirin uyquda! Buyrak esa siydik ajratib chiqarib qovuqni to`ldirish bilan ovora.

Qovuq siydikka to`lib, yanada kattalashaveradi. Baroreseptorlar esa orqa miyaga tinmay signal yuboraveradi. Orqa miya ham bu signallarni o`sha zaxoti tinmay bosh miyaga etkazaveradi. Endi bu SOS signaliga aylanadi! Bosh miya esa hamon shirin uyquda. U hech qanday signallarni qabul qilmayapdi. Hech qanday iloji qolmagan orqa miya qovuq bilan til biriktirib «Bolani siydirish haqida o`zlari qaror qabul qilishadi». Uxlab yotgan bola to`shakka siyib yuboradi. Qovuq siydikdan bo`shaganligi haqida orqa miyaga yana signal yuboradi. Orqa miya bu signalni yana bosh miyaga jo`natadi.

Endi bosh miyaga signal nafaqat bo`shagan qovuqdan, balki to`shakdagi siydikka bo`kkan terida joylashgan reseptorlardan ham yuboriladi. Ketma-ket kelib turgan signallardan bosh miya uyg`onib ketadi. Biroq endi kech edi!

Agar enurez engilroq bo`lsa, bola tagiga siygandan keyin uyg`onib ketadi. Og`ir kechuvchi enurezlarda bola tagiga siysa ham uxlab yotaveradi. Bola faqat uyquga to`ygach yoki onasining baqir-chaqirig`i va do`mboq joyiga tekkan shapoloqdan uyg`onadi.

Ho`sh tagiga siyadigan bolaning qattiq uxlash sababi nimada?

Yoki nima uchun ba'zi bolalarda enurez bir necha yillab davom etadi? Bola aslida uzog`i bilan 2-3 yoshdan keyin tagiga siymasligi kerak. Enurezning sabablari ko`p bo`lib, ularni umumlashtirib oladigan bo`lsak, bosh miya va orqa miya tuzilmalarining funktsional jixatdan yaxshi takomillashmaganidir. Tagiga siyib qo`yadigan bolalarda markaziy asab sistemasida qo`zg`alish va tormozlanish jarayonlari juda sust rivojlangan bo`ladi. 

Enurez bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasida nevrasteniya belgilarAksariyat bolalar esa jismoniy nimjon ham bo`lishadi. Ularning ota-onalari ham yoshligida enurezdan aziyat chekkan bo`ladi. Shaharlik yoki «dom» da yashaydigan bolalarda enurez ko`p uchraydi. Chunki, ular toza havoda kam bo`lishadi, juda ko`p vaqtini televizor va komp'yuter ekranlari oldida o`tkazishadi, qo`l telefonlarini ko`p o`ynashadi. Demak, enurezning oldini olishda va xattoki davolashda faol jismoniy harakatlar o`rni juda katta. Shu erda muntazam ravishda sport bilan shug`ullanadigan bolalarda enurez umuman uchramaydi.

Enurezni davolash kerakmi?

Ba'zida enurezni masxus davolash talab qilinmaydi. Biroq bolani albatta vrachga ko`rsating. Agar bolangizda enurezga sababchi bo`luvchi jiddiyroq kasallik topilmasa, uni sport to`garaklariga bering. Hatto velosiped haydab yoki yaxshigina futbol o`ynaydigan bolalarda ham tagiga siyib qo`yish kam kuzatiladi yoki enurez yo`qolib ketadi. Nima uchun? Chunki yugurish va velosiped haydash tos a'zolari faoliyati bilan bog`liq orqa miyadagi markazlarning qo`zg`aluvchanlik faoliyatini kuchaytiradi va chiniqtiradi. Enurez bilan xastalangan bola katta bo`lganda jinsiy zaif bo`ladimi, deb so`rashadi. Yo`q! Biroq bola hadeb tagiga siyaversa, uning jinsiy a'zolari shamollab qolishi mumkin. Bolani albatta nevropatologga ko`rsatib davolatish kerak. Bemorni qanday davolashni vrach individual tarzda hal qiladi.

 

To Top ↑
To Top ↑