Inson sog`lom bo`lishi uchun tanada barcha vitamin va mineral moddalar me'yorda bo`lishi lozim. Hususan, organizmning to`la qonli rivojlanishida kal'tsiy alohida o`ringa ega. Uning etishmasligi esa turli xastaliklarni keltirib chiqaradi.
Ushbu elementning biologik rolini ortiqcha baholashga hojat yo`q. Biroq pandemiya davrida antibiotik, gormon preparatlari va tomchi ukollarini uy sharoitida palapartish qo`llash oqibatida bemorlarda keyinchalik kal'tsiyning so`rilishi va suyaklarga etkazilishining pasayishi kuzatildi. Bu esa suyaklarning mo`rtlashishiga olib keldi.
Shuningdek, ushbu element etishmasligining yana bir necha salbiy oqibatlari bor. Hususan, uyqusizlik, ko`p terlash, yurak urishining buzilishi, tirnoqlar mo`rtligi, oyoq-qo`llar uvishishi, tez-tez va kuchli bosh aylanishi, soch to`kilishi, mushak va bo`g`imlarda og`riqlar, bolalarda bo`y o`sishining sekinlashuvi, tajanglik, tirnoqlar, tishlar va sochlar zaifligi hamda ayollarda homiladorlik asoratlari kabi belgilar ham uning alomati bo`lishi mumkin.
Kal'tsiy etishmovchiligini bemorlar vitamin va minerallar kompleksini qabul qilish orqali bartaraf etishi mumkin. Biroq ularni faqat shifokor tavsiya etadi.
Mazkur muammoni bartaraf etishda to`g`ri taomlanishga ham e'tibor qaratish kerak. Jumladan, kunlik taomnomada sut mahsulotlari (tvorog, yogurt, kefir, pishloq, qatiq, suzma) bo`lishi maqsadga muvofiq. Dengiz mahsulotlari, turli meva-sabzavot va ko`katlar — karam, salat bargi, sel'derey, petrushka, kunjut urug`i, yong`oqlar tarkibida ham kal'tsiy ko`p.
Shuningdek, organizm ushbu elementni o`zlashtirishida D vitaminining o`rni beqiyos. Uning eng ko`p manbai esa quyosh nurlarida mavjud. Ayni sababdan quyosh chiqqandan boshlab soat 11:00 gacha va kechki 17:00 dan keyin ochiq havoda sayr etish tavsiya etiladi. Chunki bu paytda uning ul'trabinafsha nurlari ta'siri ostida organizmda D vitamini hosil bo`ladi.