x

Dislektsiya – inson markaziy psixik funktsiyasining shakllanmaganligi va qat'iy xarakterdagi xatolarni qaytarilishi bilan bog`liq o`qish jarayonining qisman, o`ziga xos buzilishidir.

Dislektsiya – tinglash, gapirish, o`qish, yozish, mulohaza yuritish va matematik ko`nikmalarni egallash, ulardan foydalanishdagi jiddiy qiyinchiliklarda namoyon bo`ladi. Bu holatda bola harflarni tanishda, undan bo`g`in va so`z yasash, shuningdek, o`qiganlarini tushunmaslikda ko`rinadi. Ya'ni, bola so`zlarni to`g`ri o`qiy olmaydi, harfni tovush bilan bilan bog`lay olmaydi, o`qigan matnini esa tushunmaydi. 

Ko`pincha 5-6 yoshdagi bolalar harflarni oynadagi aks kabi teskari holatda yozishadi yoki harflarni chalkashtiradi. Ota-onalar bundan qanchalik fojia yasamasin, 6 yoshgacha bo`lgan bolada hali o`qimaslik huquqi bor! Farzandingiz xatosiz o`qishi uchun, eng avvalo, bosh miyaning ma'lum tuzilmalari shakllangan bo`lishi kerak. Agar 4 yashar bolada yoshiga mos ravishda nutqi ham me'yorda (og`zaki nutqda tovushlarni ajrata olsa) bo`lsayu, bo`g`indan so`z yasay olmasa, ozroq sabr qiling. Oradan 1-1,5 yil o`tgach hammasi joyiga tushib ketadi. 

Mutaxassislar bolada fonematik eshitish yoki nutqning umumiy rivojlanmaganligi aniqlansa, bu muammo ustida jiddiy shug`ullanish kerakligini tavsiya etishadi. Dislektsiya bilan og`rigan bolalarda ikkinchi tilni bilish yoki tushunish neytral elementga aylanadi. Chunki uni o`rganish va assimilyatsiya qilish deyarli mumkin emas, ular faqat bitta tilda qoladilar. Buni aslo majburlab bo`lmaydi. Agar bola ona tilini o`rganishga qiynalsa, boshqa tilni o`rganish ham unda qiyinchilik tug`diradi.

Bolalarda dislektsiya aniqlanganda, u bilan neyropsixolog va logoped shug`ullanishi lozim. Dislektsiyani, albatta, mutaxassis ko`magi va bola oila a'zolarining yordami bilan muolaja qilish kerak. Dislektsiyani defektolog-logopedlar mashq va turli xil o`yinlar orqali korrektsiyalashadi. Mazkur jarayonda bir qancha mashqlar tavsiya etiladi va bola muntazam ravishda yaqinlarining e'tiborida turadi.  

Farzandingizda dislektsiya alomatlari sezilyaptimi, aslo befarq bo`lmang, vaqt o`tkazmasdan, darhol mutaxassisga murojaat qiling. Kelajagimiz poydevori bo`lmish bolalarimiz ta'lim va tarbiyasiga, yozma va og`zaki nutqining rivojlanishiga befarq bo`lmang.

 

To Top ↑
To Top ↑