x

Ko`pincha bolalar, ba'zida katta insonlarda ham tirnoq tishlash odati borligi namoyon bo`ladi. Statistika shuni ko`rsatadiki, bu holat soni ko`proq kichik yoshdagi bolalarni tashkil etadi. Shuningdek, ularning 20 % da yoshi ulg`aysa ham saqlanib qoladi. 

Tirnoq va uning atrofini tishlash holati onixofagiya deb ataladi. Bu odatda, stress, tashvish yoki qattiq tushkunlik paytida kuzatiladi. Ma'lumki, bola hali tug`ilmasidan avval onaning qornida ham barmoqlarini og`ziga soladi, bu esa chaqaloqning yonoq mushaklarini rivojlanishiga yordam beradi. Shu tufayli bola tug`ilganida allaqachon ona suti bilan oziqlanishga tayyor bo`ladi.

Tadqiqotchilarning fikriga ko`ra, barmoqlari yoki tirnoqlarini tishlagan bolalar ongsiz ravishda go`daklik davriga qaytadi. Ular shu orqali tinchlanadi, asab tizimi kuchayib borgan sari odat o`z-o`zidan yo`q bo`ladi. Ammo ba'zi hollarda onixofagiya yashirin tashvish, diqqat etishmasligi, faollikning buzilishi kabi muammolar orqali ham kelib chiqadi. Bolaning tirnoq tishlash sababini aniqlash uchun dastlab uni uzoq muddat kuzatish kerak.

Agar bola ko`pchilikning oldiga chiqishdan avval tirnoqlarini tishlay boshlasa, demak, unda odamlarga nisbatan biroz qo`rquv bor. Bunday holda onalar kichik oila davrasida yoki do`stlari bilan mashq qilishni o`rgatishi kerak. Shundagina bola odamlar orasida o`zini xotirjam sezadi va asta-sekin barmoq tishlash odati yo`qoladi.

Mul'tfil'm tomosha qilayotgan paytda ham bolalarning tirnoq tishlash holati kuzatiladi. Bu paytda ularni asab tarangligini enga olmayotgan yoki ekranda yuz berayotgan voqealar uchun juda xavotirda, degan xulosaga kelish mumkin. Shuning uchun ham televizor tomoshasida vaqtni chegaralash bolani keraksiz tashvishlardan xalos etadi.

Janjaldan keyin tirnoqlarni tishlash orqali bola o`zini tinchlantirishga harakat qiladi. Bunday paytda unga his-tuyg`ularini ochiq namoyon etish yoki boshqa bir jismoniy o`yinlar bilan chalg`ishiga yordam berish tavsiya etiladi.

 

 

 

To Top ↑
To Top ↑