x

Autizm – ruhiy buzilishning og`ir turlaridan biri bo`lib, atrofdagilardan uzoqlashishga harakat qilish va his-tuyg`ularni biz odatlangan ko`rinishda ifodalab bera olmaslik orqali namoyon bo`ladi. Autizm miya faoliyatiga bevosita ta'sir qiluvchi nevrologik buzilishlar natijasida kelib chiqadi.

Autizmning qanday qilib va nima sababdan paydo bo`lishi, boladagi autizmning ilk belgilarini qanday aniqlash mumkinligi haqida quyidagi ma'lumotlarni e'tiboringizga havola etamiz.

Ruhiy buzilishning ilk belgilari qanday?

Ko`p hollarda autizm 3 yoshgacha bo`lgan bolalarda paydo bo`ladi, ammo uning ilk belgilariga aksariyat ota-onalar e'tibor qaratishmaydi.

Autistik buzilishning belgilari 2-3 yoshlarda ko`zga tashlanishi ehtimoli yuqori. Autizmning ilk bosqichlarida bola ota-onaning ayrim harakatlariga javob qaytarmaydi, ularga befarqlik bilan munosabatda bo`ladi. Atrofdagi odamlar, qarindosh-urug`lar, ularning farzandlari bilan do`stona va iliq munosabatlar o`rnata olmaydi. Ular ota-onalarining shirin so`zlari, erkalashlariga tabassum bilan javob qaytarishmaydi, jonsiz buyumlarga ham, odamlarga ham bir hil munosabatda bo`lishadi. Asosiy belgilardan yana biri – boshqalarning ko`zlariga tik qaray olmaslikdir. Ular ko`zlarining atrofdagi odamlar ko`ziga tushib qolmasligiga harakat qilishadi.

Nutq buzilishlari, gapira olmaslik, ijodiy yondashuvni talab qiluvchi o`yinlarni o`ynay olmaslik ham autizm belgilari bo`lishi mumkin. Tadqiqotlarning ko`rsatishicha, autizmga chalingan bolalarning harakatlarida bir xillik, uyqu buzilishlari, tajovuzkorlikka moyillik va qo`rquv ham kuzatiladi.

Autizm sababi nima?

Bolalardagi autizmga aynan nima sabab bo`lishi olimlar tomonidan bugungi kunga qadar to`liq o`rganilmagan. Daun, Patau, Marfan va boshqa turdagi sindromlardan farqli ravishda autizmda bemor organizmda hech qanday irsiy anomaliyalar qayd etilmaydi. Ekspertlar autizmga chalingan bolalarning aksariyatida bu holatga tug`ruq jarayoni va homiladorlik vaqtidagi qiyinchiliklar sabab bo`lganini aytishadi.

Miya faoliyatida buzilishlar kuzatila boshlagach, bemorda giperfaollik va intellektning pasayishi qayd etiladi. Shunga qaramasdan, mutaxassislar autizmga ma'lum belgilarga qarab tashxis qo`yish qiyin ekanligini aytishadi. Aniq tashxis qo`yish uchun shifokor ko`magi va bir qator tahlillar kerak bo`ladi.

Tashxis qanchalik erta qo`yilsa, ota-ona va mutaxassislar davolash jarayonini shunchalik erta boshlashlari mumkin.

Autizmga chalingan bolalarning bir qismi o`rta maktabni tugatishadi, kasb o`rganishadi, nufuzli joylarda ishlashadi. Shunga qaramasdan, autizmga chalingan insonlarning shaxsiy hayotni izga tushirishlari va oila qurishlari juda qiyin bo`ladi.

Autizmni davolash mumkinmi?

Mutaxassislar autizmni davolash uchun bir nechta usullarni taklif etishadi. Ularning aytishlaricha, kichik yoshdagi bemorga har tomonlama yordam berish zarur. Ya'ni, davolash muolajasi o`zida tibbiy aralashuvni ham, bolaning ijtimoiy moslashuvini ham, ruhiy ko`makni ham jamlagan bo`lishi kerak. Ayrim hollarda nafaqat bolaga, balki uning ota-onasiga ham ruhshunos ko`magi kerak bo`ladi.

Kasallikni davolash jarayonida bolaning ota-onasi va boshqa oila a'zolari bilan o`zaro munosabatlarini yaxshilashga ham katta e'tibor qaratiladi, unga qo`rquvni engish, agressiv xurujlarga qarshi kurashish o`rgatiladi.

Autizmga chalingan bolalarning ota-onalaridan katta mas'uliyat talab etiladi. Eng muhimi, autizmni – dahshatli hukm deya qabul qilmaslikdir.

Asperger sindromi haqida bilasizmi?

Asperger sindromi – autizmning bir turi bo`lib, unda aqliy salohiyat saqlanib qoladi, bemor atrofdagilar bilan kam bo`lsada gaplashadi, kognitiv funktsiyalar yaxshi ishlaydi, aqli zaiflik alomatlari ko`zga tashlanmaydi, ammo ularning atrofdagi odamlarga moslashib ketishlari qiyin kechadi. Asperger sindromiga chalingan bolalar odamlardan uzoqlashishga harakat qilishadi, ularning gap-so`zlarini tushunmasliklari ham mumkin. Shu bilan bir vaqtda uning aqliy salohiyati tengdosh bolalarnikidan kam bo`lmaydi, intellektual yo`nalishlarda ulardan o`zib ketishi ham mumkin.

Asperger sindromiga chalingan bolalar ma'lum bir yo`nalishga qiziqishlari bilan ajralib turishadi. Misol uchun, ular televizordagi bitta ko`rsatuvni tinmay tomosha qilishlari, yuzlab o`yinchoqlar orasidan faqat bittasini tinimsiz o`ynashlari mumkin. Buning o`ziga yarasha ijobiy tomoni ham bor, aslida. Asperger sindromiga chalingan bola o`zi qiziqqan mashg`ulotga diqqat-e'tibor bilan kirishadi, kichik jihatlarga ham qiziqish bildiradi. Ularning aksariyat qismi matematika, musiqa, rasm chizish yo`nalishlarida ajoyib natijalarga erishadilar.

To Top ↑
To Top ↑