Maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama rivojlantirish jarayonida ularni atrof-muhit bilan yaqindan tanishtirish alohida o`rin tutadi. Shubhasiz, bolalarning hayvonot olamiga qiziqishi juda yuqori. Bu orqali ularning tasavvur va idrokini shakllantirish mumkin.
Ba'zi bolalarda insonlarga, tabiatga, qo`yingki, jamiiki jonivorlarga mehri yuqori, munosabati nihoyatda ijobiy bo`ladi. Ular uy yoki yovvoyi hayvonlarni o`zgacha yaxshi ko`rishadi. Ba'zi bolalarda esa bu tuyg`u anchayin sustroq bo`ladi. Ularda iroda va tafakkur ham har xil shakllanadi. Psixologlarning ta'kidlashicha, hayvonlar bolalarning jismoniy va ruhiy rivojlanishida muhim ahamiyatga ega. Uy hayvonlari bilan o`zaro muomalada bo`lgan bola keng fe'lli, javobgarlikni his qiladigan, yaqinlariga g`amxo`r, qolaversa, e'tiborli bo`lib voyaga etadi.
Uy hayvonlari bilan tanishish jarayonida bolalarning aqliy va ijodiy qobiliyati rivojlanadi. Ular suyukli jonivorining suratini chizadi, u haqida hikoyayu ertaklar o`ylab topadi. Natijada bolajonlarning tabiat, hayvonot dunyosi haqidagi bilimlari boyib, tasavvurlari kengayib boradi.
Psixologlarning ta'kidlashicha, uy hayvonlari bor xonadonlarda farzandlar o`rtasida yuzaga keladigan ziddiyatli vaziyatlar kam kuzatiladi. Uy hayvonlari immunitetni ko`tarish xususiyatiga ega. Uyda it yoki mushuk boqqan bolaning infektsiyalarga kurashuvchanlik darajasi yuqori bo`ladi. Qolaversa, iti bor bolalarning atrofida do`stlari ko`p bo`ladi, odamlar bilan tez munosabatga kirishib keta olishadi.