x

Ko`pchilik ota-onalar farzandlarining duduqlanib gapirishi haqida shifokorga murojaat qilib, nutqdagi bu nuqsonning doimiyligi, bolalariga bir umr hamroh bo`lishidan xavotirga tushishadi. Haqiqatan ham, o`z jigarbandida bunday xastalikning uchrashi odamni tashvishga solishi tabiiy. Ho`sh, duduqlanish o`zi nima, bu xastalikmi yoki odat?

Duduqlanish – bu logonevroz, kasallik hisoblanadi. Kasallik deyayotganimizga sabab bola tovush yoki bo`g`inlarni tez-tez qaytarib yoki cho`zib talaffuz etadi, uning nutqi ravon talaffuz etilishiga to`sqinlik qiladi va bu buzilishlar yaqqol namoyon bo`ladi.

Ko`pchilik taniqli olimlar, yozuvchilar va davlat arboblarida duduqlanish xastaligi bo`lganligi ham tarixdan ma'lum. Masalan, qirol Georg VI, Isaak Nyuton, Elvis Presli, Rouen Atkinson, Merilin Monro, Djuliya Robertslar hayotining qaysidir bosqichida duduqlanganlar. Ular duduqlanishni engib, davolanishga muvaffaq bo`lishgan. Hatto ayni paytdagi Amerika prezidenti Jo Baydenda duduqlanish alomatlari seziladi.

Bobokalonimiz Abu Ali Ibn Sino o`zining «Tib qonunlari» asarida duduqlanuvchilarning shaxs xususiyatlarini keltirib o`tgan. Unga va boshqa olimlarning xulosalariga ko`ra, uyatchanlik, o`ta ta'sirchanlik, biroz irodasizlik, ma'lum odamlar oldida gapirishdan qo`rqish kabi xislatlar bola xarakterida mavjud bo`lsa, bu nuqson yuzaga keladi. Duduqlanish yoshga bog`liq bo`lmaydi, aksariyat  2 yoshdan 6 yoshgacha bo`lgan davrda, ya'ni nutq ko`nikmalari rivojlanayotgan paytda ko`proq uchraydi. Ma'lumot uchun, bu kasallik o`g`il bolalarda qizlarga nisbatan uch marta ko`proq uchraydi. Duduqlanish ko`pincha yosh ulg`ayishi bilan o`tib ketadi, faqat 1% bemorlardagina katta yoshda ham saqlanib qoladi.

Duduqlanishning sabablari turlicha bo`lishi mumkin. Avvalo, genetik va nevrologik omillar bu xastalikni keltirib chiqaradi. Misol uchun, yaqin qarindoshlarning duduqlanishi, bola yoshligida nimadandir qattiq qo`rqqanligi, oilada patologik tarbiya turlaridan foydalanish, ota-onasining xarakteri, ota yoki onasining duduqlanishiga taqlid qilish va kichikligida 2 xil tilda gaplashuvchi bolalar, komp'yuter yoki televizor oldida ko`p o`tirganlarda ham uchrashi mumkin.

Eng ko`p uchraydigani – bu nevrotik duduqlanishdir. Bunda farzandingiz noodatiy sharoitda, yangi joylar va notanish kishilar bilan suhbatlarda duduqlanib qoladilar.

Duduqlanish yuzaga kelib bo`ldi.

Endi nima qilish kerak?

Davolashni kompleks tarzda olib borish lozim. Nevrolog-psixoterapevt-logoped yordamidan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki nevrolog – duduqlanish tashxisini qo`yib beradi, kerak bo`lganda sedativ yoki nootrop dorilar buyurishi mumkin.

Psixoterapevt – duduqlanishning asl sababini o`rganib, boladagi nevroz holatining oldini olishga, undagi xavotir hamda qo`rquvni engishga yordamlashib, muloqotga kirishuvchanlik kabi ko`nikmalarni mashqlar orqali shakllantirishga yordam beradi. Logoped esa nutq buzilishlari bilan pedagogik ravishda shug`ullanadi.

Bundan tashqari, massaj, igna bilan davolash, fizioterapiyani ham tavsiya etish mumkin. Uy sharoitida bolaga yuqoridagilarga qo`shimcha ravishda quyidagilarni tavsiya etsa bo`ladi: fitoterapiya, aromaterapiya, tinchlantiruvchi vannalar, nafas gimnastikalari va hokazo.

Bu muolajalar bolaning tinchlanishiga yordam berib, duduqlanishning kamayishiga sharoit yaratadi. Uy sharoitida dorixonadan tinchlantiruvchi aralashma olib, bolaga tinchlantiruvchi vannalar tayyorlasa bo`ladi. Bu vannalardan 12-14 kun foydalanib, so`ng tanaffus qilish kerak.

To Top ↑
To Top ↑