Bolalarda uyqu - farzandingiz ruhiy va jismoniy jihatdan sog`lom bo`lishi uchun muhim qurilish manbaidir.
Amerika pediatriya akademiyasining hisob-kitoblariga ko`ra, uyqu bilan bog`liq bo`lgan muammolar bolalarning 25-50% ida va o`smirlarning 40% ida kuzatilmoqda.
Farzandlaringiz uchun yaxshi uyquni ta'minlashda avvalo ularning uyquga bo`lgan ehtiyojlarini tushunishingiz kerak, bu eng dastlabki qadamdir. Siz uyqu gigiyenasiga, yoshga mos kun tartibiga va har qanday uyqu buzilishiga jiddiy e'tibor berib, bunday muammolarni bartaraf etish orqali farzandingizning sog`lom va kuchli bo`lib voyaga etishida yordam bera olasiz.
Nega bolalar uchun uyqu muhim?
Uyqu bolaning ongini rivojlantirishda muhim rol' o`ynaydi. Bundan tashqari, tadqiqotlar shuni ko`rsatadiki, uyqu bolada hushyorlik va e'tibor, qilgan ishi sifatli bo`lishi, kayfiyat va chidamlilik, so`z boyligi oshishi, o`qib-o`rganish va xotira rivojlanishiga ta'sir qiladi. Uyqu bolaning o`sishiga ijobiy ta'sir etadi, ayniqsa, bu ta'sir erta chaqaloqlik davrida yaqqol namoyon bo`ladi. Bolalarda uxlash xotiraning mustahkam bo`lishi va diqqatlilik mahoratining rivojlanishi uchun zarur hisoblanadi.
Bolalar etarlicha uxlamasa nima bo`ladi?
Har bir ota-onaga ma'lumki, uyqusi kam yoki uyqu buzilishi kuzatilgan giperaktiv bolalarda diqqat etishmasligi va tushkunlik holati kuzatiladi. Uyqusizlik, shuningdek, bolada diqqatni jamlash qobiliyatiga ta'sir qilishi mumkin, so`ng bolaning maktabdagi reyting natijalariga salbiy ta'sir qiladi. Hattoki, minimal uyqu cheklovi ham bolangizning kundalik hayotiga ta'sir qilishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko`ra, 5 yoshgacha bo`lgan bolalarning to`rtdan bir qismi etarli darajada uxlamaydi. Bu holat tashvishli bo`lib, ayniqsa, erta bolalik davrida uyqu yomon bo`lsa, allergik rinit va immun tizimi bilan bog`liq muammolar, shuningdek, tashvish va depressiyani keltirib chiqaradi.
Jumladan, bolalikdagi uyquning yomonlashuvi, bolada kelajakda yurak-qon tomir kasalliklari, semirish, diabet va yuqori qon bosimi ko`rinishidagi xavflarning yuzaga kelishiga sabab bo`lishi mumkinligi haqida dalillar mavjud.