x

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko`ra, bugun dunyoda kesarcha kesish amaliyoti orqali tug`ilayotgan chaqaloqlar ulushi 20 foizni tashkil qilmoqda. Agar jarayon shu taxlit davom etsa, 2030 yilga borib, bu ko`rsatkich 30 foizga etishi mumkin.

Qolaversa, o`rganishlar shuni ko`rsatyaptiki, dunyoning rivojlangan va taraqqiy etayotgan aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar tez, xavfsiz, muhimi, og`riqsiz usul sifatida kesarcha kesishni ma'qul ko`rmoqda.

Ho`sh, bu qanchalik to`g`ri? Aslida mazkur amaliyot qanday holatlarda tavsiya etiladi?

Ushbu savollarga Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O`rinboyeva javob berdi.

— Tug`uruq – homiladorlikning yakuniy bosqichi bo`lib, bu tabiiy holatga ayol organizmi moslashgan bo`ladi, — deydi mutaxassis. — Agar ona va tug`iladigan go`dak sog`lom hamda tug`uruq amaliyoti normal o`tsa, bunga tibbiy aralashuvning zarurati yo`q. Biroq tajribamdan kelib chiqib shuni aytamanki, har doim ham mazkur jarayon bir tekis kechavermaydi. Bu esa ona va go`dak salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin.

Bunday vaziyatlarda tug`uruq operativ yo`l bilan, ya'ni kesarcha kesish amaliyotini qo`llagan holda bajariladi. Ushbu jarrohlik usuli qorin bo`shlig`ida qilinadigan operatsiya hisoblanadi. Unda bola onaning qorin devoridagi kesilgan joy orqali chiqarib olish yo`li bilan tug`iladi. Uning 2 ta – rejali va shoshilinch turlari bo`lib, homiladorlikning 38-39 haftaligida amalga oshiriladi. 

Rejali kesarcha kesish homiladorlikni rejalashtirish yoki “og`iroyoqlik” davrida belgilanadi. Shoshilinch usul esa tug`uruq payti yoki homila hayotiga xavf tug`ilganda bajariladi.

So`nggi yillarda tibbiy ko`rsatma bo`lmasa-da, dunyoning aksariyat mamlakatlarida homilador ayollar orasida ushbu usul rosmana “epidemiya”ga aylandi. Albatta zamonaviy jarrohlik yondashuvlari, samarali og`riq qoldiruvchi vositalar va antibiotiklar sababli ushbu operatsiyani ona va chaqaloq uchun minimal xavf bilan amalga oshirish imkonini bermoqda.

Siz hayron bo`lishingiz mumkin: agar ayollarning o`zi bu usulni ma'qul ko`rayotgan va u minimal darajada xavfsiz bo`lsa, nima uchun uni tanlamaslik kerak? Eng birinchi galda kesarcha kesish – jarrohlik aralashuvi ekanini unutmaslik zarur. Shu sababli uni faqat tibbiy ko`rsatma bo`lgandagina amalga oshirish tavsiya etiladi.

Hususan, mazkur amaliyot tos suyagining torligi, homilaning tug`uruq yo`llaridan o`tishiga to`sqinlik qiluvchi omillar, ya'ni yo`ldoshning noto`g`ri joylashuvi, bachadon miomasi, chanoq bosh disproportsiyasi, bachadon yorilishi ehtimoli kuzatilganda kesarcha kesishga ko`rsatma beriladi.

Shuningdek, gipoksiya (kislorod etishmasligi) yoki homilaning yurak disfunktsiyasi, uning ko`ndalang yoki teskari joylashuvi, gipertenziv holatlar, tug`uruq faoliyatining zaifligi ham operatsiya uchun sabab bo`lishi mumkin.

Manba: Sog`liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.

 

To Top ↑
To Top ↑