x

Prezidentimiz topshirig`i asosida og`ir kasalliklarga chalingan minglab bemorlarda murakkab operatsiyalarni o`tkazish uchun qariyb 90 milliard so`m ajratildi.

Qisqa davrda bajariladigan bu qadar keng ko`lamli jarrohlik amaliyotlari orqali kimlar o`z salomatligini tiklash imkoniga ega bo`ladi? Muolajalar qaysi tibbiyot muassasalarida bajariladi? Nega bu ezgu tashabbus bir yo`la kattalar va bolalarni qamrab olmoqda?

Gap shundaki, yuqori texnologik amaliyotlarning sarflov vositalari narxi butun dunyoda qimmat. Qolaversa, bunday murakkab operatsiyalarni barcha tibbiyot muassasalarida bajarish imkonsiz.

Masalan, son suyagi, elka, tizza bo`g`imlarining emirilishi bilan bog`liq xastaliklarni davolashda qo`llaniladigan endoprotez moslamalari bahosi mamlakatimizda o`rtacha 18-20 million so`mga teng.

Bunday sharoitda ehtiyojmand insonlarning muammolari yanada ortishi tabiiy. Oqibatda vaqt o`tishi bilan xastalik zo`rayib, bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Kechikib qilingan muolajalar esa har doim kutilgan natijani beravermaydi.

Shu sababli mamlakatimiz rahbari og`ir xastaliklardan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizda davlat hisobidan yuqori texnologik jarrohlik operatsiyalarini o`tkazish topshirig`ini berdi.

Aktsiya doirasida sog`lomlashtiriladigan bemorlar ikki toifaga ajratilgan.

Birinchi guruh — tug`ma yurak nuqsonidan aziyat chekayotgan bolalar. Ularning soni — 2 ming nafar. Barchasi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 18 yoshgacha bo`lgan farzandlari. 

Ana shu o`g`il-qizlar jami 64 milliard so`mdan ziyod mablag` evaziga navbatsiz, imtiyozli yo`llanmasiz, eng malakali shifokorlar tomonidan yuqori texnologik operatsiyalar orqali og`ir darddan xalos etiladi.

Hozir jarayon boshlangan. Jarrohlik amaliyotlari Bolalar milliy tibbiyot markazi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Samarqand, Namangan, Farg`ona, Andijon viloyatlari bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlari, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Urganch filialida o`tkazilmoqda.

Ikkinchi guruhga mansub bemorlar — kattalar. Ularda bajariladigan tezkor operatsiyalar uchun davlat 22 milliard so`m ajratdi.

Bemorlar ro`yxati tegishli ishchi guruh, joylardagi Halq qabulxonalari, mahalla faollari ishtirokida, xonadonma-xonadon o`rganishlar natijasida adolatli ravishda shakllantirildi.

Bu toifaga imtiyozli yo`llanmaga ega bemorlar kiritilmadi! Negaki, ularning davolanish sarf-xarajatlari shundoq ham davlat tomonidan qoplanadi. Muolajalar davri, tibbiyot muassasalari belgilab qo`yilgan. Demak, ularni sog`lomlashtirishda muammolar yuzaga kelmaydi!

Hozir aktsiya doirasida moddiy imkoniyati cheklangan bemorlarda endoprotezlash, kardioxirurgik, urologik, endokrinologik va ichki a'zolarni ko`chirib o`tkazish kabi noyob va murakkab operatsiyalar o`tkazish boshlangan.

To Top ↑
To Top ↑