x

Dunyoga kelgan chaqaloqning har tomonlama sog`lom va durkun bo`lib ulg`ayishida ona suti bilan oziqlantirishning ahamiyati beqiyos. Ona suti bolaning sog`lom va barkamol bo`lib rivojlanishi uchun muhim ozuqadir. Uning tarkibida yuzdan ziyod foydali mikroelementlar bor. Ular bolaning to`yib oziqlanishi uchun etarli, hatto suv o`rnini bosadi. Qolaversa, ona suti immunoglobulinga boy bo`lib, immunitetni mustahkamlaydi, chaqaloqni turli infektsiyalardan himoyalaydi, onadan bolaga immunitet o`tishini ta'minlaydi.

Buyuk alloma bobomiz Abu Ali ibn Sino ona sutining beqiyos foydali jihatlarini inobatga olib, uni quyosh nuriga qiyoslaydi. Zamonaviy tibbiyotda ham ona sutining shifobaxsh xususiyatlari alohida e'tirof etiladi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti chaqaloqlarni ona suti bilan boqish bo`yicha 10 qadam tamoyilini targ`ib etib kelyapti.

Emizish davrining muvaffaqiyatli o`tishi uchun qanday qoidalarga amal qilish kerak?

Birinchidan, bola tug`ilishi bilan ilk yarim soat ichida bolani emizish kerak. Tug`ruq majmualarida bu masalaga jiddiy e'tibor qaratiladi. Ona-bola uyiga qaytgach, bolani ko`krak suti bilan oziqlantirish jarayonini kuzatish, bu borada onaga maslahat va tavsiyalar berib borish patronaj hamshiralar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Buning uchun siz, patronaj hamshiralar quyidagi muhim qoidalarni bilishingiz shart:

- chaqaloqni soatga qarab emas, chaqaloq talab qilganda (tez-tez) emizish kerak;

- yangi tug`ilgan chaqaloqlarni 3-3,5 soat oraliqda oziqlantirishni amalga oshirish murakkab. Chaqaloqning oshqozon hajmi tez-tez va kam miqdorda ozuqa qabul qilishga moslashgan, bir vaqtning o`zida 150-200 milli litr sutni qabul qilishi fiziologik to`g`ri kelmaydi. Shuning uchun yangi tug`ilgan chaqaloq birinchi oylarda ko`krakni tez-tez, kecha-kunduz davomida 10-15 martagacha talab qiladi;

- ona va bola doimo birga bo`lishini tavsiya qiling. Ona taftini his qilib uxlash bola ruhiyati uchun juda foydali. Bu ona suti yaxshi ishlab chiqilishiga ham katta yordam bo`ladi. Emizish paytida, bir-biriga yaqin ikkita inson o`rtasida emotsional aloqa o`rnatiladi, bu go`dakka himoyalanganlik, qulaylik va xotirjamlik hissini baxsh etadi. Agar bola haftasiga taxminan 150 gramm vazn yig`ayotgan bo`lsa, bu uning ko`krakni me'yorida emayotgani belgisi deyish mumkin.

Bolani emizish ona sog`lig`ida qanday ahamiyatga ega?

Bu ona sog`lig`i uchun ham katta foyda keltiradi. Avvalo, ketma-ket homiladorlikning oldi olinadi. Onaning ko`krak va bachadon saratoni, artrit va yurak-qon tomir kasalliklariga chalinish ehtimoli kamayadi, shuningdek, emizikli ona ortiqcha vaznni tez yo`qotadi. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti mutaxassislarining ta'kidlashicha, ko`krak sutining yo`qligi yoki uning etishmasligi shunchaki bolani ko`krakka noto`g`ri tutish va muntazam emizmaslik oqibati, xolos. Laktatsiyasiz, ya'ni sut kelmaydigan onalar bo`lmaydi (95 foiz ayollarda ko`krak suti me'yorda ishlab chiqiladi).

Ayolning ruhiy ahvoli yaxshi bo`lsa, oilada sog`lom muhit o`rnatilsa, ona suti kelishida muammolar bo`lmaydi, aksincha, turli stress, charchoq onada sut hosil bo`lishiga salbiy ta'sir ko`rsatadi.

To Top ↑
To Top ↑