Qishning sovuq kunlarida bir qator mavsumiy kasalliklar avj oladi. Shulardan biri revmatizm. Unga ko`proq 7-15 yoshli bolalar chalinadi va xastalik o`g`il-qizlarda kattalarga nisbatan og`irroq kechadi.Revmatizmni keltirib chiqaruvchi eng asosiy omil oyoqda o`tkazilgan surunkali tonzillit. Ya'ni tez-tez tomog`i og`rib turadigan bolalar anginasi o`z vaqtida davolanmasa, 10-14 kun o`tgach, bemorda revmatizm rivojlanishi mumkin.
Uning o`tkir shaklida anginadan tuzalgan bemorni ma'lum muddat o`tib, yana yuqori harorat bezovta qiladi. Tirsak, bilak-kaft usti, tizza, boldir-oyoq panjasi bo`g`imlari va tanasining boshqa qismlari qizarib, shishadi.10-12 kun o`tgach, poliartritga xos barcha alomatlar yo`qoladi. Ammo mazkur holat vaqtinchalik bo`lib, xastalik chog`ida yurakning mushak qavati, klapanlari, tashqi pardasi zararlanadi.
Hususan, bu holat yurak nuqsoni shakllanishiga olib keladi. Revmatizm boshqa a'zo va to`qimalar, chunonchi, nerv tizimida ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda bolaning oyoq-qo`llari beixtiyor uchib turadi, o`ta qo`zg`aluvchanlik, tez toliqish kuzatiladi. Hastalikning o`tkir bosqichida bemor, odatda, shifoxonada muolaja oladi. Kasalxonadan chiqqach ham uzoq vaqt shifokori kuzatuvida bo`ladi.
Holsizlanish, tez charchash, rangparlik, ishtaha pasayishi, kechqurun tana harorati ko`tarilishi, ba'zan bosh og`rig`i, yurak o`ynashi, hansirash, bo`g`imlar sohasidagi teri ostida mayda, qattiq va og`riqsiz revmatik tugunchalar hamda pushti, halqasimon toshmalar revmatizmga xos alomatlardir. Bu kasallikdan asab tizimi shikastlanganda, bolaning kayfiyati va xulq-atvori o`zgarib, behalovat, e'tiborsiz va serjahl bo`lib qoladi.
Uning xotirasi pasayadi.Bemor beixtiyor tartibsiz, beo`xshov va keraksiz harakatlar qiladi. Uning ko`zlari pirillaydi, yuz mushaklari tortiladi. Natijada bola o`zi mustaqil kiyinib-echina va ovqatlana olmaydi. Shuningdek, turtinib-surtinib yura boshlaydi.
Qaytalama revmatizm davrida organizmda immunologik va biokimyoviy buzilishlar sodir bo`lib, yurakda yallig`lanish jarayoni kuchayadi. Revmatizmga faqat mutaxassis tomonidan tegishli tekshiruvlardan so`ng aniq tashxis qo`yilishi mumkin. Agar o`z vaqtida shifokorga murojaat qilinsa, bemorni muvaffaqiyatli davolasa bo`ladi.