Ma'lumki allergik kasalliklarning bir nechta turi bo`lib, turli sabablarga ko`ra xuruj qiladi. Allergiya yosh tanlamaydi, bu kasallik kattalar singari yosh bolalarda ham bir xil ko`rinishda kechadi. Ayniqsa, bahor faslida daraxtlar kurtak yozib, gullash arafasida mavsumiy allergiyaga moyilligi bor kichkintoylarga e'tiborli bo`lish, allergiya xuruj qilishining profilaktik choralarini ko`rish tavsiya etiladi. Ho`sh bolalarda allergiya xuruj qilmasligi uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozim? Huruj qilsa, birinchi yordam qanday beriladi?
Immunitet tanqisligi yallig`lanish, qo`zg`alish xususiyatini yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, nafas yo`li kasalliklari immun tizimi sust bo`lgan bolalarda ko`p kuzatiladi. Shu jumladan, allergiyaga moyilligi bor bolalarning tez-tez kasallanishi ham aynan immunitet tanqisligi tufayli yuzaga keladi. Ma'lumki, allergiyaning: atopik dermatit, allergik renit, eshshakemi, pollinoz, oziq-ovqat hamda dori preparatlariga nojo`ya ta'sir ko`rsatish kabi turlari mavjud. Ayni mart, aprel' oylarida esa mavsumiy allergiya, ya'ni «Pollinoz» gul va o`simliklar changi sababli yuzaga keladigan allergiya kuchayadi. Allergiyaning bu ko`rinishi kichkintoylarda asosan mart, aprel' oylarida xuruj qilishiga qarmay, hatto avgust va sentyabr' oyiga qadar davom etishi mumkin.
Mavsumiy allergiya asosan:
*xona gullari, o`simlik changlari;
*daraxtlar gullashi va barg chiqarish vaqtida;
*boshoqli o`simliklar gullash vaqtida xuruj qiladi.
Bordiyu kasallikning vaqtida oldi olinib, xuruj qilganda davo chorasi ko`rilmasa, allergik holat surunkali tus olib, bola bir umr allergiyadan qiynalishi mumkin. Kichkintoydagi allergiya terak, majnun tol, chinor daraxti, shaftoli, qulupnay, anjir barg yozib, gullaganida, shuningdek, makkajo`xori, shuvoq, tog` yalpizi, kungaboqar, ismaloq guli changi ta'sirida xuruj qilib, qo`zg`aydi. Allergiyaning ilk alomatlari virusli infektsiya kasalligi ko`rinishida, ya'ni burun oqishi, burun bitishi, aksa urish, yo`tal kabi alomatlar bilan namoyon bo`ladi.
Allergiyaning 2-3-kunidan so`ng esa:
*ko`z tagi shishishi, yoshlanish;
*kon'yuktivit;
*bosh og`irig`i;
*ko`z qichishishi;
*ko`chaga chiqqach tinimsiz aksa urish;
*nafas siqishi, tomoq qichishish, bo`g`ilish kabi holatlar kuzatiladi. Bolada quyidagi alomatlar kuzatilgan vaqtda allergolog shifokoriga murojaat qilish va vaqtida davo chorasini qo`llash tavsiya etiladi.
Oldini olsa bo`ladimi?
Shifokor bolada mavsumiy allergiyaga sabab bo`lgan omillarni aniqlagach, davo chorasini tayinlaydi. Undan tashqari bahor fasli kelishidan avval allergiyaning oldini olgan holda, profilaktik choralarini qo`llashi tavsiya etadi.
Bu vaqtda bolaga:
*tez-tez suyuqlik berish (qaynagan iliq suv, nama'tak, moychechakli damlama);
*ko`proq vitaminlarga boy meva va sabzavotlar berish (olma, uzum, banan, karom, bodring, gul karam);
*haftada uch marotaba uy jihozlarini nam sochiq bilan artish (oyna, pol, kitoblar, xona jihozlari);
*muntazam xonani shamollatib turish;
*xona haroratining 22 darajadan oshib yoki tushib ketmasligiga e'tibor qaratish;
*xonalarga gullar qo`ymaslik;
*bola ko`chadan kelgach, yuz, qo`lni antibatkterial sovun bilan yuvish hamda burun va og`izni iliq suvda chayish;
*bola bir yilda ikki marotaba tog`li rayonda joylashgan sanatoriyda muolaja olishi;
*imkon bo`lsa bir yilda bir marotaba dengizga olib borish;
*parhezga amal qilish, allergik mahsulotlarni cheklash;
*bolani har kuni 18:00 dan 20:00 ga qadar toza havoda, daraxt va mashinalar kam bo`lgan joyda sayr qildirish;
*bolaga allergiyani qo`zg`atuvchi: asal, limon, pista, bodom, shirinliklar, tuxum, apel'sin, gazli ichimliklarni cheklash kabi zarur choralarni qo`llash tavsiya etiladi.
Huruj qilgan vaqtda qanday yordam ko`rsatiladi?
Bordiyu bolada mavsumiy allergik holat aniqlangan bo`lsa, u holda uyda birinchi yordam o`rnida qo`llaniladigan antigistamin, gormonal preparatlar hamda spazmni bartaraf etuvchi aerozol' sprey va ukollar doimiy ravishda bo`lishi lozim. Dorilarni albatta allergolog tavsiya etgan bo`lishi kerak. Shifokor bola yoshi va allergik xurujning darajasiga ko`ra dori preparatlarini tavsiya etadi. Undan tashqari, bolada allergiya xuruj qilgan vaqtda ko`katlardan tayyorlangan taomlar, sut mahsulotlari, dukkakli o`simliklar no`xat, mosh kabilarni bermaslik tavsiya etiladi. Allergiya xuruj qilgan vaqtda bolaga ko`p miqdorda suyuqlik berish va ko`proq toza havoga olib chiqish yaxshi yordam beradi.