Odatda, kuz-qish mavsumiga xos kasalliklardan ko`proq bolalar aziyat chekadi. Hususan, o`tkir respirator virusli infektsiyalarni yuqtirish holatlari ham kichkintoylarda 4-5 barobar ko`proq uchrashi bejiz emas. Chunki o`g`il-qizlarda immunitet kattalarga nisbatan zaifroq shakllangan bo`ladi.
Eng yomoni, endi xastalikdan tuzalgan bolajonlarning qaytadan shamollab, yana to`shakka mixlanib qolishi ularning o`zini ham, ota-onalarini ham holdan toydirishi tabiiy.
Ho`sh, bunday holatlarning oldini olish uchun qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?
— O`tkir respirator kasalliklarni chaqiruvchi viruslarning 200 dan ziyod turi aniqlangan, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do`stmuhammedova. — Shulardan adenovirus, gripp A bolalar orasida, ayniqsa ko`p uchraydi.
Hastalik bir toifa o`g`il-qizlarda shunchaki tumov, boshqalarda pastki nafas yo`llari yallig`lanishi, yana ba'zilarda esa yo`tal, harorat ko`tarilishi kabi belgilar bilan kechadi.
Oqibatda immuniteti zaif o`g`il-qizlarda kasallik og`ir asoratlar qoldirish xavfi ham mavjud. Masalan, virus yuqori nafas yo`llari orqali yuqib, bronxit kasalligiga olib kelishi mumkin.
Buyrak, yurak faoliyatiga ham salbiy ta'sir ko`rsatishi ehtimoli bor. Eng yomoni, virusli infektsiyalardan so`ng meningit va meningoentsefalit kasalliklari shakllanishi va rivojlanishi mumkin.
Shu bois, profilaktik choralar muhim. Hammasi, avvalo, sog`lom turmush tarzi bilan bog`liq. Bola to`g`ri ovqatlanishi, o`z vaqtida uxlashi, jismoniy chiniqishi lozim. Shundagina immunitet mustahkamlanadi.
Masalan, 1 yoshgacha bo`lgan bolalar o`zlari mustaqil ravishda jismoniy mashqlarni bajara olmaydi. Demak, ota-onalari, tarbiyalovchilari ularni chiniqtirishi zarur. Turli uqalash muolajalari ham bu jarayonda juda foydali. Bolaning tanasida qon aylanish tizimi faoliyati yaxshilanadi.
Jajji bemorlar muolajasi davomli parvarishni talab qiladi. Lekin ba'zi ota-onalar farzandi shifoxonadan chiqishi bilan uni bog`chaga, maktabga jo`natishadi. Aholi gavjum joylarga, mehmonga olib borishadi. Vaholanki, bunday paytda hali organizm to`liq tiklanmagan bo`ladi.
Oqibatda avvalgiday quvvatga kirib ulgurmagan bola tashqi muhitda yangi virusga duch kelib, qaytadan kasallanib qolishi mumkin. Shunday ekan, o`g`il-qizlarning xastalikni engil darajada o`tkazishida ota-onalari, yaqinlari ko`magi nihoyatda zarur. Bunday paytda yanada e'tiborli bo`lish talab etiladi.