Ma'lumotlarga ko`ra, jahonda yiliga har o`n chaqaloqdan biri muddatidan avval tug`iladi. Shuningdek, 20 million nafardan ortiq go`dak kam vazn bilan dunyoga keladi. Eng yomoni, bu ko`rsatkich yildan yilga ortmoqda va mazkur omil 5 yoshgacha bo`lgan bolalar o`limining asosiy sababi bo`lib qolyapti.
Shundan kelib chiqib, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti muddatidan avval va kam vazn bilan tug`ilgan chaqaloqlar hayotini saqlab qolish hamda parvarishlash bo`yicha yangi tavsiyalarni e'lon qildi.
Qayd etilishicha, bunday go`daklar organizmida etarli miqdorda yog` zaxiralari mavjud bo`lmaydi. Oqibatda ularning tanasida issiqlik regulyatsiyasi qiyin kechadi va bola yaxshi nafas ololmaydi.
Ilgari bu kabi holatlarda chaqaloqlar inkubator yoki maxsus isitkichlarda uch kundan etti kungacha saqlangan. Endi esa zamonaviy tibbiyot bundan ham samarali usullarni taqdim etmoqda. Ulardan biri “kenguru” deb ataladi.
Mazkur parvarish turi bola tana haroratini bir me'yorda ushlab turishda juda muhim. Bunda go`dak ona yoki otasining ko`kragiga qo`yiladi. Kattalarning barqaror tana harorati yangi tug`ilgan chaqaloqning tana haroratini nazorat qilishga yordam beradi.
Qolaversa, “kenguru” usulida bola yaxshi uxlaydi. Shu bois uning energiyasi tana funktsiyalarini yaxshilashga yo`naltiriladi. Natijada chaqaloq tezroq vazn yig`adi. Infektsiyalar va shamollashdan himoyalanadi.
Qolaversa, kam vaznli go`daklarning nafas olish tizimidagi muammolarni bartaraf etish, yurak urishini me'yorga keltirish, immun tizimini mustahkamlashda ham bu usul yaxshi samara beradi.
Bir so`z bilan aytganda, bolaning terisi ota-onasining tanasi bilan to`g`ridan-to`g`ri aloqa o`rnatishi o`rtada fiziologik va psixologik yaqinlikni ta'minlaydi. Ayni sababdan yangi ko`rsatmada bu usulni chaqaloq tug`ilishi bilan darhol qo`llash zarurligi tavsiya etilgan.
Shuningdek, hujjatda ota-onalar va yangi dunyoga kelgan chaqaloqlarning birga bo`lishini ta'minlash uchun intensiv neonatal yordam ko`rsatish tizimini qayta ko`rib chiqish zarurligi ta'kidlangan.
O`z navbatida, bunday go`daklarni doimiy ravishda ona suti bilan parvarishlash zarur. Bu chaqaloqlarning yashab ketish imkoniyatini yanada oshiradi.