Sovuq kunlarda bolalar o`rtasida o`tkir respirator virusli kasalliklar(O`RVI)ga chalinish holatlari ko`payishi mumkin.
Shunday ekan, ehtiyotkorlik — muhim shart. Qolaversa, bemor bolalar muolajasi, parvarishi ham o`ta mas'uliyatli jarayon hisoblanadi. Ho`sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo`l tutishlari kerak?
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo`lim boshlig`i, tibbiyot fanlari nomzodi Dinara Do`stmuhammedova bu boradagi tavsiyalari bilan o`rtoqlashdi.
— Isitma, burun bitishi va oqishi, aksirish O`RVIning ilk alomatlaridir, — deydi shifokor. — Odatda, bu holat ikki kun davom etadi. Uchinchi kundan ovoz bo`g`ilishi, yo`tal, mushaklar va bo`g`imlarda og`riqlar paydo bo`lishi mumkin.
Kasallik paytida ishtaha pasayadi, harorat oshganda esa qayt qilish kuzatilishi ehtimoli bor. Bunday vaziyatda uyda bemor bolalarni alohida xonaga yotqizish va xonani tez-tez shamollatib turish lozim.
O`RVIga chalingan o`g`il-qizlarga oz-ozdan, biroq tez-tez suyuqlik ichirish tavsiya etiladi. Oddiy qaynagan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo`tal va og`riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta'minlaydi. Burun va tomoqni tuzli suv bilan chayish ham juda zarur muolaja usulidir.
Lekin ba'zi ota-onalar farzandlarida shamollashning ilk belgilari, masalan, burun oqishi, engil yo`tal, harorat ko`tarilishi kuzatilsa, zudlik bilan “Tez yordam”ga murojaat qilishadi.
Vaholanki, bolalarda yuqori nafas yo`llarining yallig`lanishi kuzatilsa, uy sharoitida ham davolansa bo`ladi. Biroq bu holatga “vaqt o`tib sog`ayib ketadi” deya befarq munosabatda bo`lmaslik ham kerak.
Bola tana harorati 38,5 darajadan oshsa, ovqat emay qo`ysa, kuchli hansirash kuzatilsa, nafas qisishi alomatlari paydo bo`lsa, tinmay yoki ko`p uxlasa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur.
Aslida, tana harorati 38,5 darajagacha ko`tarilishi organizmning kasallikka qarshi kurashayotganidan dalolat beradi. Ya'ni, organizmga infektsiya tushganida isitma ko`tarilishi normal holatdir.
Agar bir yoshgacha bo`lgan bolalarda tana harorati 38,0, bir yoshdan katta o`g`il-qizlarda 38,5 darajadan oshsa, ularga paratsetamol yoki ibuprofen berish tavsiya etiladi. Bu dorini 3 kun qo`llash mumkin. Agar shu vaqt ichida bolaning umumiy ahvolida ijobiy o`zgarish bo`lmasa, darhol oilaviy shifokorga murojaat qilish zarur.
Sog`liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.