Yangi tug`ilgan chaqaloq – ota-ona quvonchi. Ammo orziqib kutilgan mehmon nimjon va kam vazn bilan tug`ilsa-chi? Albatta bunday paytda go`dak uchun murakkab muolajalar, malakali shifokorlar parvarishi, eng muhimi, yaqinlar mehri lozim bo`ladi.
SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar Perinatal markazining neonatal xizmati bo`yicha direktor o`rinbosari Malika Usmonova bilan kam vaznli bolalar parvarishida e'tibor qaratilishi kerak bo`lgan jihatlar xususida suhbatlashdi.
— Qanday chaqaloqlar kam vaznli hisoblanadi?
— Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti agar bola homiladorlikning 22-haftasida tug`ilib, unda nafas, yurak urishi, kindik pulsatsiyasi yoki mushaklar harakatidan biri kuzatilsa, og`irligi 500 gramm, bo`y uzunligi 25 santimetr bo`lsa, tirik tug`ilgan deb atashni tavsiya qiladi, — deydi M. Usmonova. — Kam vazn bilan tug`ilganlik uchta darajaga bo`linadi.
Bular:
Kam vaznli – 2500-1500 gramm.
O`rta kam vaznli – 1499-1000 gramm.
Juda kam vaznli – 999-500 gramm.
— Kichik vaznli bolaning ko`rinishi, tana a'zolari sog`lom tug`ilgan chaqaloqnikidan farq qiladimi?
— Albatta. Garchi, bunday go`daklarning tana a'zolari shakllangan bo`lsa-da, funktsional jihatdan ancha zaif va o`z vazifasini to`liq bajarishga qodir bo`lmaydi.
Yuqori nafas yo`llari nozik bo`lib, ko`krak qafasi nafas olishda kam qatnashadi. Nafas olishi tez va notekis, pul'si sust, me'da-ichak va nerv tizimlari funktsional rivojlanmagan, tanasi esa haroratni bir me'yorda ushlab tura olmaydi.
Tashqi muhitdagi kattalar uchun arzimas bo`lgan o`zgarishlar bunday chaqaloqlar organizmida jiddiy shikastlanishlarga sabab bo`lishi mumkin. Shu bois ularni parvarishlash zamonaviy texnologiyalar bilan bir qatorda shifokorlardan yuksak malaka, fidoyilik, ota-onalardan esa sabr-toqat talab etadi.
— Bunday chaqaloqlar qanday parvarishlanadi?
— Homiladorlik muddati qancha kam bo`lsa, bolaning vazni ham shuncha oz bo`ladi. Demak, rivojlanishning shu davrlari bachadon ichida tabiiy kechmasdan, chaqaloq chala tug`iladi. Bunday go`daklarning a'zolari shakllangan bo`lsa-da, funktsional etilmagan hisoblanadi. Shu sababli, ularni parvarishlashning asosiy printsiplari — tana harorati nazorati, nafas etishmovchiligini davolash, ovqatlantirish, infektsiyadan himoya va albatta, mehr bilan ona qorni sharoitiga yaqin holat yaratishdan iborat. Tabiiyki, bu chora-tadbirlar jiddiy muolajalar hisoblanib, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlashni talab etadi.
Chunki bunday chaqaloqlar uchun maxsus reanimatsiya o`rinlari, issiq saqlaydigan inkubator, isitgich stollari, nafas olish uchun yordam beradigan apparatlar, zamonaviy neonatal jihozlar zarur. Shu bilan birga, tibbiy xodimlarning bilim darajasi ham muhim.
Bunday chaqaloqlarning parvarishi zarur ko`nikmalarga ega mutaxassislar tomonidan olib boriladi. Dastlab bolalar jonlantirish bo`limida holatiga qarab yotqiziladi. Keyin parvarish bo`limiga o`tkaziladi.
Albatta bu jarayonlarda ota-onalarning ham alohida o`rni bor. Ayniqsa, onalar birinchi navbatda shaxsiy gigiyena va farzandini parvarishlashda sanitariya qoidalariga qat'iy amal qilishi zarur. Agar bolaning tana harorati 36,50Sdan tushib ketsa, “teriga-teri” kontaktini o`tkazish, chaqaloq tagliklari quruqligiga e'tibor qaratish, eng muhimi, uning muammolariga sabr-toqatli bo`lishi kerak.