x

Bu yil mart oyi anchayin sovuq bo`lganiga qaramay, apreldan boshlab mamlakatimizda havo harorati ko`tarilib bormoqda. Meterologlarning tahlillariga ko`ra, shu kunlarda havoning yanada isishi kutilmoqda va bu tabiiy ravishda salqin ichimliklar va muzqaymoq kabi mahsulotlarni iste'mol qilishga ehtiyoj tug`diradi. Bu esa ota-onalar oldiga bolalarga muzqaymoq berish bo`yicha bir qator muammoli masalalarni qo`yadi. Hususan, kichik yoshdagi bolalar organizmining ta'sirchan ekanligi sababli muzqaymoq ularning salomatligiga salbiy ta'sir ko`rsatishi ko`pchilik ota-onalarni xavotirga soladi.

Mutaxassislar esa bola 6 oylik bo`lgunga qadar muzqaymoq ta'mini bilmagani foydali deb hisoblashadi. Chunki sigir suti oqsili kichik yoshdagi bolada allergiya qo`zg`atishi mumkin. Shuningdek, ko`p miqdordagi glyukoza oshqozon osti beziga katta yuklama bo`ladi. Bunda yuqori kaloriyali muzqaymoqni hazm qilishga bolaning a'zolari tayyor bo`lmaydi. 

Olti oydan keyin ham bolaga muzqaymoqni oz miqdorda bergan ma'qul ekanligi ta'kidlanadi. Uch yoshgacha esa muzqaymoqni bola parhezining doimiy qismiga aylantirib bo`lmaydi. Sutning bola organizmi uchun foydali jihatlari ko`p, ammo muzqaymoq tarkibidagi ba'zi ozuqa qo`shimchalari erta yoshdan bolaga salbiy ta'sir qilishi, shakar esa nozik tishlarga shikast etkazishi mumkin. Shu sababli ota-onalar bolani tinchlantirishda ularga muzqaymoq berish usulidan foydalanmaganlari ma'qul.

To Top ↑
To Top ↑